AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronda keskinlik davom etayotgan bir payt Tehron bilan diplomatik aloqa o‘rnatish istagini bildirdi.
Xususan, mintaqaga Amerika harbiy kuchlari joylashtirilishi munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyat haqida jurnalistlarga izoh berarkan, u Vashington Islom Respublikasi bilan muzokara o‘tkazishni rejalashtirayotganini e’lon qildi.
Binobarin, Pentagon AQSH harbiylari Prezident qabul qiladigan har qanday qarorni amalga oshirishga tayyorligini ta’kidlagan.
Ushbu bayonotlar yangrashi sharoitida Turkiya Vashington va Tehron o‘rtasida vositachilik qilish uchun diplomatik sa’y-harakatni kuchaytirdi.
Ta’kidlanishicha, Anqara Eronga qarshi har qanday harbiy aralashuvga qarshi ekanini yana bir bor tasdiqlab, muloqot orqali keskinlikni kamaytirishga yordam berishga tayyor.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan AQSHning Anqaradagi elchisi, Suriya bo‘yicha maxsus vakil Tom Barak bilan uchrashgan.
Turk ommaviy axborot vositalari Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Trampga vaziyatni yumshatish uchun Eron rahbariyati bilan uch tomonlama maslahatlashuv masalasini ko‘rib chiqish taklifini bergani haqida yozdi.
Vashington esa ayni mavzuda ehtimoliy qadamlar bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagani,turli diplomatik va harbiy variantlar ko‘rib chiqilayotganiga urg‘u bergan.
Tramp yaqinda Eron bilan kelishuvga erishish vaqti tugab borayotganini aytib, AQSHning bu galgi zarbasi 2025 yil iyun oyidagi hujumga nisbatan ancha jiddiy bo‘lishidan ogohlantirdi.
G.Sattorova, O‘zA