Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tramp Eron bilan 15 kundan so‘ng jiddiy gaplashmoqchi
21:36 / 2026-02-20

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga nisbatan navbatdagi keskin bayonot bilan chiqdi. U Tehronga kelishuvga erishish uchun “10-15 kun yetarli” ekanini aytib, aks holda “oqibat yomon bo‘lishi”dan ogohlantirdi.

Bu gap Yaqin Sharqda Vashington harbiy ishtiroki kuchaygan pallada yangradi. Mintaqaga ikkinchi aviatashuvchi yaqinlashmoqda, yuzlab samolyot, qo‘shimcha kuchlar joylashtirilgan. “The Soufan Center” ma’lumotiga ko‘ra, hududga allaqachon o‘nlab F-35, F-22 va F-16 qiruvchilari yetib kelgan.

Tramp Vashington “mazmunli kelishuv” istagida ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad – Eron yadroviy infratuzilmasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish. Binobarin, Tehron muzokara faqat yadroviy dastur doirasida bo‘lishi, boshqa masala muhokama qilinmasligini aytgan.

Shu kunlarda Islom Respublikasi Rossiya bilan harbiy mashq o‘tkazdi. Dunyo neftining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan strategik yo‘lak hisoblangan Ormuz bo‘g‘ozida haqiqiy o‘q otish mashqi ham amalga oshirildi.

Eron BMTdagi elchisi orqali mamlakat urush istamasligi, bil’aks har qanday tajovuzga “qat’iy va mutanosib” javob berishini bildirdi. Ta’kidlanishicha, mintaqadagi AQSH bazalarining hammasi “qonuniy nishon”ga aylanishi mumkin.

Yevropada ham xavotir kuchaygan. Polsha Bosh vaziri Donald Tusk o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Germaniya esa Iroq shimolidagi bazadan ayrim harbiy xodimlarini vaqtincha olib chiqdi.

Muzokara bahonasida har ikki tomon vaqt yutyaptimi yoki so‘nggi kelishuvga yaqinlashyaptimi, bu hali noaniq. Nima bo‘lganda ham, harbiy kuch namoyishi va keskin “dahanaki jang” Yaqin Sharqni yana bir jiddiy sinov qarshisida qoldirayotgandek.

Musulmon Ziyo, O‘zA