AQSH prezidenti Donald Tramp Shveysariyaning Davos shahrida o‘tkazilayotgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida “Tinchlik kengashi”ni rasman ta’sis etdi. Bugun u 20 ga yaqin davlatlar rahbarlari bilan mazkur tuzilmaning ta’sis hujjatini imzoladi va uning faoliyati Birlashgan Millatlar Tashkilotiga raqobatchi bo‘lmasligini ta’kidladi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning ma’lum qilishicha, nizom imzolanishi bilan “Tinchlik kengashi” xalqaro tashkilot sifatida rasman faoliyat boshlagan.
Ta’kidlanishicha, yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish hamda G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratish doirasida shakllantirilmoqda.
Marosimda AQSH bilan bir qatorda O‘zbekiston, Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari va tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi.
D.Hakimov, O‘zA