Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tramp Chikagoga maxsus kuchlarni yubormoqchi
10:37 / 2025-10-06

AQSH Prezidenti Chikagoga 300 nafar federal agent va Milliy gvardiya askari yuborishni buyurdi. Ushbu qaror immigratsiya xizmati (ICE) o‘tkazayotgan reyd, zo‘ravonlik va norozilik namoyishlari asnosida qabul qilindi.

So‘nggi haftalarda federal kuchlar tomonidan 900 kishi hibsga olingan, ikki ayol o‘q uzib, yarador qilingan, o‘nlab fuqaro jarohat olgan. Illinoys gubernatori Pritsker bu qarorni “demokratik tamoyilga zid” atab, federal ma’muriyatni shtat suverenitetini buzishda aybladi:

– Menga ultimatum qo‘yildi — yo o‘zim qo‘shin kiritaman yo ular yuboradi. Bu mutlaqo noo‘rin.

AQSH Bosh prokurori Pam Bondi esa federal idoralarni, jumladan FBI boshqarmasiga binolar atrofida xavfsizlikni kuchaytirishga chaqirdi.

Chikagoda federal agentlar bilan namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv keskinlashgan. Ba’zi joylarda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llangan, ayrim hollarda tinch namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatilgan.

Immigratsiya reydi, asosan, Lotin Amerikasi davlatlari fuqarolari yashaydigan hududlarda olib borilyapti. Bu yaqin atrofdagi shaharlar aholisi noroziligini kuchaytirmoqda.

Pritsker federal agentlarni “inson huquqini mensimaslik”da ayblab, ular “xavfsizlikni ta’minlash o‘rniga qo‘rquv tarqatayotgani”ni ta’kidladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA