Donald Tramp 2 sentyabr kuni AQSH shimolidagi "dunyoning eng xavfli shahri" sifatida tan olingan Chikagoda "jinoyatchilikni yo‘q qilish"ga va’da berdi.
- Xuddi Vashingtondagi kabi Chikagoda ham jinoyatga barham beramiz, - deb yozdi u o‘z ijtimoiy tarmoq platformasida federal huquqni muhofaza qilish idoralari poytaxtga joylashtirilishiga ishora qilib.
Amerika yetakchisi so‘nggi voqealar asnosida Chikagodagi vaziyat keskinligini ta’kidlarkan, o‘tgan dam olish kunlarining o‘zida shaharda 54 kishi otib tashlangani, yana sakkiz nafar inson boshqa sabablar tufayli bevaqt halok bo‘lganiga e’tibor qaratdi. Achinarlisi, bir hafta oldin ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatilgan.
Tramp ma’muriyati Chikago, Nyu-York, Baltimor va Bostonga federal politsiya va qo‘shin yuborilish bilan tahdid qildi. Yakshanba kuni esa demokratlar Chikagoga harbiy "bosqin uyushtirilishi"dan ogohlantirdi.
Respublikachi Prezidentning ashaddiy raqiblaridan biri, Illinoys shtati demokrat gubernatori J.B.Pritsker, Trampni bu harakati bilan 2026 yilgi oraliq saylovga putur yetkazishga urinishda aybladi. Mamlakat rahbari esa "Pritsker yordamga juda muhtoj, faqat buni hali o‘zi bilmaydi", deya qo‘shimcha qilgan.
M.Pirmatova, O‘zA