Donald Tramp Buyuk Britaniyaning BBC teleradiokorporatsiyasiga qarshi rekord darajada, ya’ni 10 milliard dollarlik da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi. Hujjatda u korporatsiyani tuhmat, manipulyatsiya va 2024 yilgi prezidentlik saylovlari natijasiga ta’sir ko‘rsatishga urinishda ayblamoqda. Mojaro markazida esa “Tramp: Ikkinchi imkoniyat?” nomli hujjatli film turibdi. Bu haqda Yevronyus xabar berdi.
33 betdan iborat da’vo arizasida prezident korporatsiyani yolg‘onchi, tuhmatchi, adovat qo‘zg‘atuvchi va yovuzona tashkilot sifatida tasvirlagan. Trampning aytishicha, bu filmning efirga uzatilishi 2024 yilgi saylovlarga «ochiqdan-ochiq aralashish va ta’sir ko‘rsatishga urinish» bo‘lgan.
Filmda muharrirlar Trampning deyarli bir soat farq bilan aytilgan nutqining ikki turli qismidan uchta iqtibosni birlashtirgan. Prezidentning fikricha, bu bilan muharrirlar uning gaplarining ma’nosini ataylab buzib ko‘rsatishgan.
BBC korporatsiyasi Trampdan nutq tahrir qilingani uchun uzr so‘radi, ammo tuhmat haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Korporatsiya raisi Samir Shoh esa bu voqeani noxush holat deb atadi va shu ish tufayli bir qator yuqori lavozimli rahbarlar, jumladan, yangiliklar bo‘limi boshlig‘ining iste’fo berganini aytdi.
Prezidentning da’vosi Florida shtati sudiga topshirilgan. Buyuk Britaniya sudlarida da’vo kiritish muddati esa allaqachon tugagan.Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ish qator qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Masalan, hujjatli film AQSHda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilmagan, biroq amerikalik tomoshabinlar uni boshqa platforma orqali ko‘rishgan. Xullas, shunday mayda jihatlar borki, ularning har birini o‘rganish, sudning yillar davomida cho‘zilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6ocHJbW2ccs" title="Tramp BBC ni sudga berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA