Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tramp Ash-Shara’ni Oq uyda qabul qildi (+video)
17:56 / 2025-11-11

Kecha AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Suriyaning muvaqqat Prezidenti Ahmad Ash-Shara’ bilan uchrashdi. Arab davlati hukumati axborot vaziri Hamza Mustafo ijtimoiy tarmoq orqali Damashq Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilgani va shu orqali “terrorizmga qarshi kurash hamda mintaqaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rnini mustahkamlagani”ni ma’lum qildi.

Mulozim ta’kidlashicha, mazkur kelishuv faqat “siyosiy tusga ega bo‘lib, harbiy jihatni ko‘zda tutmaydi”. Suriyaning mazkur uyushmaga qo‘shilishi oldindan kutilgan va bu qadam Ash-Shara’ning Vashingtonga tashrifi bilan bog‘lanyapti.

2014 yil “Islom davlati” terrorchilar guruhi Suriya va qo‘shni Iroqning salmoqli hududini egallab olgan edi. Hozirga kelib, bu guruh harbiy jihatdan mag‘lub etilgan, deb hisoblanadi. Binobarin, taxminlarga ko‘ra, hanuz 2500 ga yaqin jangchi Iroq va Suriyada yashirinib, qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirmoqda.

Ilgari Abu Muhammad Al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan, Bashar Asadni ag‘dargan Ahmad Ash-Shara’ 2003 yil Iroqdagi “Al-Qoida” safidan AQSH boshchiligidagi aksil terror koalitsiyaga qarshi kurashgan. 2006 yil Amerika harbiylari tomonidan qo‘lga olingan va 5 yil Iroq qamoqxonasida o‘tirgan. 2011 yil ozod etilgach, jiddiy maqsad ko‘zlagan yangi guruh tuzdi.  

2025 yil 10 noyabr kuni “FoxNews” telekanali efirida Ash-Shara’ “Al-Qoida” bilan hamkorligi “o‘tmishda qolgani”, Tramp bilan uchrashuvda ayni masala muhokama qilinmasligini aytdi.  

Uchrashuvdan so‘ng Amerika yetakchisi hamsuhbatini “kuchli lider” deya ta’riflab, Ash-Shara’ Suriyani muvaffaqiyatli davlatga aylantira olishiga ishonch bildirgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/D_2d7PmsNyU" title="Tramp Ash-Shara’ni Oq uyda qabul qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA