Tramp AQSHni kuchliroq, boyroq va dindorroq qilishga va’da berdi
– Amerikani birgalikda har qachongidan kattaroq, yaxshiroq, kuchliroq, boyroq, sog‘lomroq va dindorroq qilamiz, – deb yozdi AQSH Prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
U 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimida ham Qo‘shma Shtatlarni boshqa mamlakatlardan ajralib turadigan, o‘ziga xos mamlakat qilishga va’da bergan. Shuningdek, hali dunyo ko‘rmagan eng kuchli armiya yaratish rejasini ham e’lon qilgan.
Yil boshida Oq uy rahbari Xitoy va Rossiya ta’siriga qarshi turish uchun Grenlandiya oroli Qo‘shma Shtatlar tarkibiga kirishi kerakligi, Panama kanali ustidan nazorat qayta tiklanishini ham aytgan. Bundan tashqari, AQSHga qo‘shilsa, Kanadaga keng soliq imtiyozi berilishini ham va’da qilgan.
O‘z navbatida Ottava bu g‘oyani doimiy ravishda rad etib, mamlakat mustaqilligi va milliy o‘ziga xosligini saqlab qolish kerakligini ta’kidlab keladi.