Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida aholi sog‘ligini muhofaza qilish, ovqatdan zaharlanish hamda yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, Paxtakor tumani sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo‘limi mutaxassislari mahallalar va bozorlarda profilaktik ishlarni amalga oshirish orqali fuqarolarni tozalik hamda sog‘lom turmush tarzi qoidalariga amal qilishga chaqirmoqda.

Navbatdagi shunday tadbir tumandagi “Oltinko‘l” mahallasida o‘tkazilib, fuqarolarga gigiyena madaniyatini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va ishlov berishda sanitariya talablariga rioya etish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, “Paxtakor dehqon bozori” MCHJ tarkibidagi mol bozorida ham nazorat tadbirlari tashkil etildi. Uy sharoitida tayyorlangan, sifat sertifikatisiz va sanitariya talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yildi.

Darhaqiqat, o‘tkazilgan tadbirlar davomida ayrim savdo nuqtalarda gigiyena qoidalariga amal qilinmayapti. Go‘sht mahsulotlarining ochiq havoda, chang va iflos muhitda saqlanayotgani, sanitariya jihozlari yetishmasligi hanuz dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu esa aholi salomatligi uchun xavf tug‘dirishi, sanitariya madaniyatining hali yetarlicha shakllanmaganini ko‘rsatadi.

Sog‘lom muhit yaratish faqat tekshiruvlar yoki vaqtinchalik targ‘ibot tadbirlari bilan cheklanmasligi lozim. Bu jarayonda nafaqat sanitariya xizmati, balki mahalla faollari, bozor ma’muriyati va fuqarolarning shaxsiy mas’uliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Shunday ekan, targ‘ibotdan amaliyotga o‘tish – bugungi kun talabi. Gigiyena madaniyatini oshirish, sanitariya talablariga qat’iy amal qilish hamda sifatsiz mahsulotlar aylanmasiga chek qo‘yish — jamoat salomatligini asrashning eng asosiy kafolatidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA