Buxoroda “Buxoro viloyatida chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish, chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar holati” mavzusida jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Oybek Rahimov, shuningdek, mutasaddi tashkilot va idoralar vakillari, mas’ul xodimlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyatda chiqindilar olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatish holati, mavjud chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish, nol chiqindi tamoyili joriy etish va sohaga xususiy sektorni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalarga oid masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi, “Maxsusavtoxo‘jalik” MCHJ, viloyat “Toza hudud” DUK hamda Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi viloyat hududiy boshqarmasi mas’ullari o‘z faoliyatlari yuzasidan jamoatchilikka ma’lumot berdi.

Bugungi kunda viloyat bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari kesimida chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olingan. Aholi soni bo‘yicha qamrov ko‘rsatkichi 67 foizni tashkil qilmoqda. Viloyatda jami 9 ta chiqindi poligoni mavjud bo‘lib, ular faoliyati yakunlanib chiqindi yuklash joylari tashkil etilishi ta’kidlandi.
Tadbirda chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish ishlarini jadallashtirish, sanitariya tozalash xizmatlarini sifatini yanada oshirish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga tavsiyalar berildi. Yig‘ilishda chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash holatlarini oldin olish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha partiya va ekologik sohasidagi davlat organlari hamkorligi yuzasidan fikr almashildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.