Yurtimizda atrof-muhitni obodonlashtirish, tozalash, ekologiyaga zararli ta’sir qiladigan holatlarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu tobora yomonlashib borayotgan ekologiyamizni asrab-avaylash, atmosfera musaffoligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, joriy yilning 15 oktyabridan 15 noyabrigacha mamlakatimizda “Tozalik va ozodalik oyligi” o‘tkazildi. Oylik doirasida barcha hududda qator amaliy tadbirlar, tozalik aksiyalari, plogginglar tashkil etildi. Bu jarayonda barcha tashkilot va muassasalar vakillari, volontyorlar, ekofaollar, fuqarolar faol ishtirok etdi.

Shuningdek, oylik davomida aholi vakillari bilan qator muloqot va davra suhbatlari tashkil etilib, ularning ekologik madaniyatini yuksaltirishga, obodonlashtirish ishlarida faolligini oshirishga qaratilgan tushuntirishlar olib borildi.

Ushbu aksiyalar davomida hududlardagi ko‘p yillik daraxtlar osti tozalandi, ariq va zovurlar qazildi. Yig‘ilib qolgan turli chiqindilar to‘planib, belgilangan joylarga chiqarib tashlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilgan “Tozalik va ozodalik” oyligi doirasida hududlar jami 422,4 ming tonna chiqindidan tozalanib, bartaraf etildi. Jumladan, 95 ming 213 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hududi, shuningdek, 60 ming 631 ta jamoat joyi tozalandi.
Obodonlashtirish ishlarida sanitar tozalash xizmati hamda obodonlashtirish sohasining jami 368,8 ming nafar xodimlari ishtirok etdi. Bundan tashqari, jarayonlarga 66 ming 291 ta maxsus chiqindi tashuvchi va yuklovchi texnika jalb qilindi.
Mazkur oy davomida prokuratura, IIB, Milliy gvardiya va Ekologik davlat nazorat inspeksiyasi xodimlari ishtirokida jami 448 ming huquqbuzarlik holati aniqlanib, tegishli tartibda chora ko‘rildi.
Ta’kidlash lozimki, bu kabi tozalik oyliklarining tashkil etilishi, avvalo, hududlar obodligi, atrof-muhit tozaligi hamda aholining ekologik madaniyati yuksalishi va ekologiyaga nisbatan mas’uliyati oshishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA