Atrof-muhitning tozaligi, ozodaligi musaffo ekologiya uchun zamin bo‘ladi. Ma’lumki, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 15 oktyabrdan boshlab butun respublikamizda tozalik va ozodalik oyligiga start berildi. Mazkur oylik davomida turli tashkilot va idoralar, muassasalar, shu bilan birga, fuqarolar faol ishtirok etib, hududlar obodligiga hissa qo‘shishlari lozim bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari va faollari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va boshqa tashkilotlar mutasaddilari joylarda aholi va yoshlar o‘rtasida tozalik madaniyatini yuksaltirish, mahallalarda sanoat va maishiy chiqindilarni to‘g‘ri ajratish bo‘yicha amaliyotlar o‘tkazish, ko‘chalar, jamoat joylarini obod qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Barcha hududlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, mahallalar, ko‘chalar, ta’lim muassasalari va boshqa ob’ektlar chiqindilardan tozalanmoqda.

Tozalik va ozodalik oyligi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, atrof-muhitni ifloslantirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar o‘rganilmoqda va tegishli choralar ko‘rilmoqda. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 15 oktyabrdan 25 oktyabrga qadar belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq 3 ming 792 ta holat aniqlangan va huquqbuzarlarga qonuniy chora ko‘rilgan. Joylarda kuchaytirilgan reyd tadbirlari muntazam davom ettirilmoqda.

Yon-atrofni, yashash va ish hududlarimizni toza-ozoda saqlash, tozalik tadbirlarida faol ishtirok etish, chiqindilarni faqat belgilangan joylarga tashlash har bir insonning tabiat va jamiyat oldidagi vazifasi hamda mas’uliyatidir. Tabiatni ifloslantirish o‘zimizga, salomatligimizga nisbatan ziyon ekanini unutmasligimiz lozim.
Muhtarama Komilova, O‘zA