Sirdaryo viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi bugun eng ustuvor ijtimoiy vazifalardan biri hisoblanadi. Chunki toza suv — faqat infratuzilma masalasi emas, balki inson salomatligi va hayot sifati kafolatidir.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ushbu masala alohida e’tiborga olingan. Davlat rahbari tashabbuslari asosida olib borilgan islohotlar natijasida shahar va qishloqlarda ichimlik suvi sifati va markazlashganlik darajasi sezilarli oshdi. Agar 2016 yilda bu ko‘rsatkich 63 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun esa 88,4 foizga yetdi. Demak, 800 mingdan ortiq aholi markazlashgan toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

– Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston tumanlari va Yangiyer shahrida aholining ichimlik va oqova suv bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 11,4 kilometr ichimlik suv va 43,4 kilometr oqova suv tarmoqlari tortildi, – deydi Sirdaryo “Suv ta’minoti” AJ direktori o‘rinbosari Sardor Jumanazarov.

2025 yil davomida viloyatda 154,4 kilometr ichimlik suvi va 66,9 kilometr oqova suv tarmoqlari qurildi, 87 ta suv inshooti barpo etildi. Guliston shahrida esa zamonaviy gorizontal burg‘ilash texnologiyalari joriy etildi, natijada 64 kilometr suv tarmog‘i yer ostida, asfalt va yo‘laklarga zarar yetkazmasdan tortildi.

— Bu usul vaqt, mablag‘ va ishchi kuchini tejaydi, — deydi muhandis Shahzod Umarov.
Guliston shahrida olib borilgan ishlar aholi turmushida sezilarli o‘zgarish yaratdi. Yangi suv inshootlari va taqsimlash kameralari qurildi, 2,1 ming xonadonga zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatildi. Natijada 15 ta mahallada istiqomat qiluvchi 72 ming nafar aholi 24 soatlik uzluksiz suv bilan ta’minlandi.

– Davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorchilik bildiraman, – deydi mehnat faxriysi Qudrat Turdiyev. – Ilgari suv tashish juda qiyin edi, bugun esa har bir xonadon uzluksiz ichimlik suviga ega.
Mirzaobod tumanining Navro‘z mahallasida 20–25 yildan beri suv masalasi hal qilinmagan edi. 2025 yil yakunida mahallada 16,8 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi, 6 ta tik quduq qazildi, 900 ta suv hisoblagich o‘rnatildi.
– Bu ishlar aholi kundalik hayotida katta yengillik yaratdi, – deydi Sirdaryo “Suv ta’minoti” AJ matbuot xizmati rahbari Bobur Doliyev.
Bugungi kunga kelib, nafaqat shahar, balki chekka qishloqlarda ham har bir xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Yangi quvurlar va nasos stansiyalari aholi turmushida sifat va qulaylik yaratish bilan bir qatorda salomatlik va farovonlikka xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri