Toshkent viloyatida aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash, joylarda oqova suv xizmatlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish choralari davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir mahallalarning 749 tasi to‘liq va 217 tasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, 59 ta MFYlar markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani tufayli buning choralari ko‘rilmoqda.
“Toshkent viloyati Suv ta’minoti” AJ tomonidan iste’molchilarining debitor qarzdorliklarini qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholi iste’molchilari tomonidan barcha to‘lovlar onlayn tizimga o‘tkazilgan. Ta’kidlash lozim, o‘tgan davrda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Toshkent viloyati ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1-bosqich)” loyihasi bo‘yicha amalga oshirilgan bunyodkorlik ob’ektlari natijasida ko‘plab oilalar xonadoniga toza suv yetkazildi.
– Shu kunlarda xodimlarimiz tomonidan tizimli ishlar qilinyapti, – deydi “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ ishlab chiqarish texnik bo‘limi boshlig‘i Azamat Ashirmetov. – Tegishli topshiriq bo‘yicha tuman-shaharlardagi mavjud suv inshootlari modernizatsiya qilinmoqda. Masalan, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Olmazor” suv inshooti zamonaviylashtirildi. Bu ob’ekt 2010 yilda qurilgan bo‘lib, 350 ta xonadonni ichimlik suv bilan ta’minlaydi. Tashkilotimizning Piskent tumani filiali tomonidan “Toshkent dengiz-1” suv inshooti 2018 yildan buyon hududdagi 3 ming 200 nafar aholini ichimlik suv bilan ta’minlamoqda. Bu yerda ham Hindistonda ishlab chiqarilgan nasos agregati qo‘yildi.
O‘tgan yil joylarda ichimlik suvi tarmoqlariga ulangan 250 ta noqonuniy qurilmalar aniqlangan bo‘lib, hujjatlar tegishli tartibdagi sudlarga kiritilgan. Bugungi kunda hududlardagi ichimlik va oqava suv tarkibini tahlil qiluvchi laboratoriyalar tomonidan nazorat qilinmoqda. Umuman olganda, joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan istiqbolli rejalar juda ko‘p.
[gallery-21723]
Xususan, hududlar uchun 150 ta har xil turdagi energiya tejamkor nasos agregatlari xarid qilinadi. “Toshkent viloyati Suv ta’minoti” AJning Chirchiq shahar, Yangiyo‘l, Bekobod va O‘rta Chirchiq tuman filiallariga yangi bino quriladi. Tizim tarmoqlarida juda zarur bo‘lgan maxsus texnikalar olinadi.
A.Musayev, O‘zA