Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toza ichimlik suvi yaxshilanadi
14:12 / 2025-08-20

Buxoro viloyati Romitan tumanida Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyiha doirasida yangi bosqich ishlariga kirishildi. Bu borada “Buxoro suv ta’minoti” AJ hamda “Mine Construction Alliance S.R.O. & SMK Ulusal Insaat ve Ticaret A.S.” (Chexiya–Turkiya) konsorsiumi o‘rtasida pudrat shartnomasi imzolangan.

Shartnoma 2025 yil 7 may kuni kuchga kirgan bo‘lib, unga ko‘ra Romitan tumanida “Markaziy”, “O‘tabek”, “Arabon”, “Mug‘oncha”, “Chilong‘u”, “Pulgo‘shak” va “Xosa” suv taqsimlash inshootlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, 334,7 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilgan.

 Bugungi kunda loyiha doirasida amaliy ishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida maxsus ishchi guruh hududda bo‘ldi. Ishchi guruh tarkibida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Shuhrat Vafayev ham bo‘lib, u Romitan tumanida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, viloyat hokimining o‘rinbosari Jalol Arashov, “Buxoro suv ta’minoti” AJ mas’ullari hamda loyiha konsultanti va pudratchi vakillari bilan uchrashuvda ishlarning sifatli bajarilishi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 

 Ma’lumot uchun, OIIB hamkorligida Buxoro viloyatida jami 12 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 7 tasi ichimlik suvi (Qorovulbozor, Romitan, Peshku, Jondor tumanlari, Buxoro va Kogon shaharlari hamda tumanlari, shuningdek markaziy inshootlar) va 5 tasi oqova suv (Qorovulbozor, Olot, Qorako‘l, Romitan va G‘ijduvon tumanlari markazi) yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Ushbu keng qamrovli loyihalar nafaqat aholining sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga, balki butun viloyat infratuzilmasining zamonaviy talablarga mos ravishda rivojlanishiga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.