Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toza hudud — sog‘lom hayot
19:42 / 2025-10-23

Ma’lumki, joriy yil 14 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 15 oktyabrdan 15 noyabrga qadar mamlakatimizda “Tozalik oyligi” deb e’lon qilindi.

Mazkur tashabbusni amalda qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xorazm viloyat kengashi tomonidan yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmalari bilan hamkorlikda Urganch shahrida “Toza hudud — sog‘lom hayot!” shiori ostida plogging aksiyasi tashkil etildi.

Unda partiyaning yosh ekologlar qanoti faollari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talaba yoshlari, SOS –O‘zbekiston bolalar mahallalari vakillari hamda yoshlar ishlar agentligi faollari ishtirok etishdi. 

[gallery-25889]

Aksiya davomida ishtirokchilar shahar hududidagi dam olish maskanlari va piyodalar yo‘laklarida chiqindilarni tozalash, ularni saralash hamda aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini olib bordilar.

– Quvonarli jihati shundaki, tadbirda yoshlar, talaba va aholi vakillari ko‘ngilli ravishda faol ishtirok etib, ekologik tozalikni saqlash har bir fuqaroning burchi ekanligini amaliy harakatlari bilan namoyon etdilar, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xorazm viloyat kengashi raisi Kamolbek Jumaniyozov. – Shuningdek, aksiyada ekologik madaniyatni oshirish, chiqindilarni qayta ishlashning ahamiyati hamda atrof-muhitni asrashning sog‘lom hayot tarzini shakllantirishdagi o‘rni haqida tushuntirish ishlari ham olib borildi.

“Tozalik oyligi” doirasidagi ekologik tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda. 

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari