Prezidentimizning “2017–2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Toshkent viloyati “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tuman, shahar filiallariga maxsus chiqindi tashish texnikalarini topshirish tadbiri o‘tkazildi.
Viloyat hokimining kapital qurilish va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Hakimov avtomashinalar kalitini o‘z egalariga topshirarkan, berilgan imkoniyat va qulayliklardan samarali foydalanib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish kerakligi alohida ta’kidladi.
Endilikda byudjet mablag‘lari hisobidan aholiga xizmat ko‘rsatish maqsadida xarid qilingan maxsus chiqindi tashish texnikalari Bo‘ka, Qibray, Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent, O‘rta Chirchiq, Chinoz, Yangiyo‘l, Bo‘stonliq hamda Ohangaron tuman filiallarida xizmat ko‘rsatadi.
Maqsad mahallalar hududlari, aholi turar joylarini obodonlashtirish va tozalash, shahar hududidagi sanitariya-epidemiologik holatni yaxshilashdir. Bu borada aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishga erishish muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Musayev, O‘zA