Boyovut tumanida aholiga qulay va tozaligi ta’minlangan muhit yaratish maqsadida yana bir muhim qadam tashlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tuman “Toza hudud” davlat muassasasiga ikki dona zamonaviy chiqindi tashish avtomashinalari yetkazib berildi.

Tuman hokimligi tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur loyiha doirasida yangi texnikalar bugun tantanali marosimda soha xodimlariga topshirildi. Yig‘ilishda mas’ullar, sohaning faol xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘rolova tadbirda so‘zga chiqib, ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak uchun vazirlik rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, yangi avtotransport vositalari tumanning chiqindi yig‘ish va tashish tizimini yanada yaxshilaydi.

– Bu texnikalar xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, aholiga qulay va tozaligi ta’minlangan ekomuhit yaratish hamda tozalik madaniyatini rivojlantirishda muhim omilga aylanadi. Tumanda ekologik barqarorlikni ta’minlash bugungi kun talabidir, – dedi tuman hokimi.

Yangi avtomashinalarning ishga tushirilishi natijasida chiqindilarni to‘plash va tashish jarayonlari sezilarli darajada tezlashadi. Bu esa tuman aholisi uchun tartibli, ozoda va sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, “Toza hudud” davlat muassasasining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi kelgusida xizmat qamrovini yanada kengaytirish imkonini beradi.
Tadbir yakunida avtomashinalar haydovchilariga kalitlar topshirildi va ularga o‘z vazifalarini mas’uliyat bilan bajarishda muvaffaqiyatlar hamroh bo‘lishiga tilak bildirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri