Termizda yurish marofoni o‘tkazildi.
Marafonda besh yuzga yaqin yoshu-keksa ko‘ngilli ishtirokchi ertalabdan shahar markazida belgilangan masofani piyoda bosib o‘tdi.

Mutaxassislarning fikricha, har hafta o‘rtacha uch soatga yaqin jismoniy faol bo‘lgan insonda yurak kasalliklariga chalinish 20 foizga kamayadi. Shuningdek, jismoniy faollik organizmda biosintez jarayonini faollashtirib, qon aylanish jarayonini 4-5 marta kuchaytiradi. Yurak qisqarishlari soni tezlashib, organizmda yangi energiya hosil bo‘lishi va energiya bilan ta’minlanishni yaxshilaydi.

–Ertalabki yugurish va erkin piyoda yurib, toza havoda sayr qilish salomatlik uchun koni foyda ekanini o‘zimning turmush tarzim misolida yaxshi bilaman, – deydi mehnat faxriysi To‘ra Alimardonov. – Bu yil 71 yoshga to‘ldim. Shu paytgacha jiddiy betob bo‘lganimni eslay olmayman. O‘zimni hamisha sog‘lom, tetik his qilaman. Chunki, har kun erta tongdan jismoniy mashq bilan shug‘ullanaman. Yengil yugurib, toza havoda piyoda sayr qilaman. Shuning uchun yoshlarga ko‘proq jismoniy faol bo‘lib, yugurish, piyoda yurish va ertalabki sayrni kanda qilmaslikni maslahat beraman.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA