Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolar butun dunyo miqyosida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu masalalarni hal etishda tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish hamda “yashil energetika” imkoniyatlaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega.
O‘zA muxbiri “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Baqoyev bilan korxonada ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va belgilangan chora-tadbirlar haqida suhbatlashdi.
– Ayni paytda kombinat tizimida atmosfera havosini muhofaza qilish yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Albatta, atmosfera havosining ifloslanishi va biologik xilma-xillikning kamayishi natijasida butun dunyoda tabiiy resurslarni tejash hamda atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Ushbu vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining barcha ishlab chiqarish korxonalarida atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2025 yilda korxonalarda 5 ta chang-gaz tozalash uskunasi o‘rnatildi. Shuningdek, 1-gidrometallurgiya zavodida 1 ta, “Sharqiy” konining ohaktoshni qayta ishlash uchastkasida esa 2 ta chang-gaz tozalash uskunasida texnik xizmat ko‘rsatish va kapital modernizatsiya ishlari amalga oshirildi.
Kombinatda atrof-muhitga yuqori xavf soladigan korxonalarning atmosfera havosini ifloslantirish manbalaridan namunalar olish va tahlil qilish maqsadida, har bir tarkibiy bo‘linmada uchta avtomatik namuna olish va tahlil qilish stansiyalari o‘rnatildi.

Atrof-muhitga ta’sir qiluvchi ob’ektlar sanitar muhofaza zonasi hududiga 7 dona stansionar kuzatuv postlari – fon stansiyalar xarid qilinib, hozirda montaj va o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Atmosferaga zararli moddalar tashlanishini kamaytirish maqsadida, barcha korxonalarda tozalash samaradorligi 95-99 foiz ifloslantiruvchi moddalarni ushlab qoluvchi zamonaviy filtrlar o‘rnatilib, yil davomida 1,6 ming tonnadan ortiq zararli moddalar ushlab qolindi.
– Kombinatga qarashli korxonalarda suv resurslarini muhofaza qilish yo‘nalishida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
2025 yilda kombinatning jami suv iste’moliga qayta ishlangan suvlar (chiqindi bo‘linmalardan, karerlar va shaxtalardan hamda oqova suvlarni tozalash inshootlaridan olingan) 34 million kubometr, ya’ni 29 foizni tashkil etdi. Bu tabiiy suv zaxiralarini tejashga imkoniyat berdi.
Shu yilda “Auminzo-Amantoy” koni vaxta shaharchasida mavjud lokal oqova suvni tozalash inshooti ishga tushirilishi natijasida bugungi kunda sutkasiga 60 kubometr oqova suv tozalanmoqda. Shuningdek, “Sharqiy” konga qarashli 250 o‘rinli oshxonasidagi mahalliy oqova suvni tozalash inshooti orqali tozalangan suvlar karer ehtiyojlari va yashil o‘simliklarni sug‘orish uchun foydalanilmoqda.
Kombinatimizda atmosfera havosi, suv-yer resurslari hamda yer osti suvlar ifloslanishi bo‘yicha monitoring ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, atmosfera havosini ifloslantiruvchi 67 ta manbadan 2604 ta namuna olinib, kimyoviy moddalar bo‘yicha 10466 ta tahlil o‘tkazildi. Barcha bo‘linmalarida oqova suv tashlanayotgan 20 ta tashlamalarda monitoring olib borilib, 848 ta suv namunalari olindi va kimyoviy moddalar bo‘yicha 11360 ta tahlil o‘tkazildi. Shuningdek, tuproqni ifloslantiruvchi manbalari joylashgan hududlardan 46 ta tuproq namunalar olinib, kimyoviy moddalar bo‘yicha 110 ta, yer osti suv monitoringi bo‘yicha esa xomashyo chiqindixonalari kuzatuv quduqlaridan 2080 ta namuna olinib, 6890 ta kimyoviy tahlil o‘tkazildi.

– Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Bu borada qanday ishlar belgilangan?
– Kombinat tizimida 2350 kVt quvvatli foto elektr stansiyasi ishga tushirilib, ularning quvvati 9550 kVt.ga yetkazildi. Natijada, yiliga 14,3 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratilib, jamiyat ma’muriy binolari yillik ehtiyojini 100 foiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplashga erishilmoqda.
Shuningdek, Zarafshon qurilish boshqarmasida quvvati 500 kVt bo‘lgan foto elektr stansiyasi ishga tushirilib, jamiyatda o‘rnatilgan foto elektr stansiyalari quvvati 10050 kVtga yetkazildi va 15,2 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.
Kelgusida kombinat oldiga aniq maqsad qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2030 yilgacha har yili foto elektr stansiyalar quvvatini 5000 kVtga oshirib borish belgilangan.
– Yashil makonlarni ko‘paytirish atrof-muhit muhofazasida muhim o‘rin tutadi. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Kombinat tomonidan “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish va “yashil belbog‘”larni tashkil etish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 2025 yil bahorgi mavsumda jami 58 gektarda “Yashil belbog‘”lar barpo etilib, 40 ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ushbu “yashil belbog‘” hududlarida ekilgan manzarali daraxt va butalarni sug‘orish uchun tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi.
Shuningdek, 10 dan ortiq tizim tashkilotlarida “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 2025 yil bahorgi mavsumda 300 ming tupdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, yer maydonlarining 80 foizida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan cho‘l hududlarida maxsus texnikalar ajratilib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.

Kuzgi mavsumda ham ko‘chat ekish ishlarida “yashil belbog‘”lar barpo etilib, tarkibiy bo‘linmalar hududlarida yashil maydonlar kengaytirilmoqda. NKMK tomonidan Karmana tumani xalqaro M-37 yo‘l atrofidan tanlangan 72 gektar yer maydonda “yashil belbog‘”lar tashkil etildi.
Joriy yil kuzgi mavsumda “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Jamiyat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan 143 ming tup manzarali va buta ko‘chatlari ekilib, yashilmakon.eco elektron platformasiga kiritildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda kombinat gidrometallurgiya zavodlarining chiqindi saqlash ob’ektlari joylashgan hududlarida biologik xilma-xillikni saqlash, zararli ta’sirni yumshatish bo‘yicha tashkiliy texnik va texnologik yechimlar ishlab chiqilmoqda. Xususan 1-gidrometallurgiya zavodining chiqindi saqlash omborlari atrofida biologik xilma-xillik o‘rganilib, kompleks ekologik tadqiqotlar va yechimlarni o‘z ichiga olgan ilmiy asoslangan loyiha hisoboti ishlab chiqildi.
–Hech kimga sir emas, keyingi yillarda atrof-muhit muhofazasi me’yorlarini xalqaro standartlar asosida belgilash - ESG tamoyillarini joriy etish yo‘nalishida ham kombinatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday emasmi?
– Albatta, 2025 yilda “SRK Consulting” kompaniyasi bilan birgalikda “NKMK” AJ faoliyatini mas’uliyatli oltin qazib olish (RGMP) tamoyillarini va sianidlar bilan ishlash bo‘yicha xalqaro kodeksga (ICMC) muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar yo‘l xaritasi ijrosi auditdan o‘tkazildi.

2025 yil Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha “NKMK” AJ ning dekarbonizatsiya strategiyasi ishlab chiqilib, iqlim xavflari aniqlandi. 2023-2024 yillar uchun issiqxona gazlari emissiyasi hisob-kitobi bajarilib, 2025 yilda ikki tomonlama muhimlikni baholash (DMA) o‘tkazildi.
Shuningdek, 2025 yilda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan ilk bor korporativ ESG-reytingi berildi. Bu O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida Navoiy kon-metallurgiya kombinati ESG-reytingini olgan birinchi kompaniya bo‘ldi.
Kombinat va uning tuzilmalarida atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi tizimli ishlar davom etmoqda.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi