Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Toza havo” oyligi doirasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirildi?
16:21 / 2023-05-29

Joriy yilning 10 aprelidan 10 maygacha o‘tkazilgan “Toza havo” oyligi doirasida markaziy ko‘chalarda ko‘chma postlar tashkil etilib, avtomobillar chiqarayotgan zararli gazlar miqdori ko‘rikdan o‘tkazilgan edi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati rahbari  Lola Rahmonboyeva ishtirokidagi brifingda mazkur oylik doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Qayd etilishicha, Tabiat resurslari, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalarining ekologik holati yuzasidan davlat ekologik nazoratini olib borish maqsadida respublika miqyosida “Toza havo” oyligining birinchi bosqichi o‘tkazildi. Mazkur tadbir doirasida 43 ta yo‘l-patrul xizmati maskanida muqim ko‘rik nuqtalari, shuningdek, viloyat va shaharlar markaziy ko‘chalarida ko‘chma nuqtalar tashkil etildi. Bu joylarga 271 nafar xodim jalb etilib, ularning barchasi zarur texnik uskunalar bilan ta’minlandi.

“Toza havo” oyligining  birinchi bosqichida respublika bo‘yicha jami 161  ming  537 ta avtotransport vositasi qamrab olindi. Shundan 153  ming 761 tasi toksiklik darajasi, 7 ming 776 tasi esa tutun qalinligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida avtotransport vositalarining 4 ming 326 tasi, ya’ni 2,7 foizida ishlatilgan gazlarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori o‘rnatilgan me’yorlardan yuqori ekanligi aniqlandi. Toshkent shahrida 11078 ta avtotransport vositasi tekshirilib, ularning 2,7 foizida atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori me’yordan ortiq ekanligi aniqlandi.

Oylik davomida avtotransport vositalarining ishlatilgan gazlarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori o‘rnatilgan me’yorlardan yuqorilik darajasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygani kuzatildi. Lekin, shu bilan birga, tekshirilgan transport vositalaridan qariyb 4 ming 326 ta nosozlik holati aniqlanib, buning oqibatida atmosferaga zararli gazlar belgilangan me’yorlardan ortiq tashlangani ma’lum bo‘ldi.

Tadbir davomida ishlatilgan gazlarda ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarining belgilangan normalarini qo‘pol ravishda buzgan 1 ming 549 ta avtotransport haydovchisiga nisbatan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan 246 ming 225 ming so‘m jarima choralari qo‘llanildi hamda 1 ming 525 tasining harakati vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu oylik O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunining 16-, 17- va 28-moddalari hamda “Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonunining 11-moddasi ijrosidan kelib chiqib belgilangan tartibda tashkil etildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA