Toshkentda tashkil etilgan davra suhbati O‘zbekistonda energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlari hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda milliy va xalqaro hamkorlikning ahamiyatiga bag‘ishlandi.
Unda BMTTD, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, xalqaro hamkorlar, taraqqiyot institutlari hamda tegishli tashkilotlarning mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Unda so‘z olganlar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari jadal rivojlanib borayotgani, so‘nggi yillarda yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilayotgani alohida ta’kidlandi. Bu kabi muloqotlar mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yana bir bor e’tibor qaratish, shuningdek, sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni vazifasini o‘taydi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, mamlakat energetika tizimida diversifikatsiyani ta’minlash, an’anaviy energiya manbalariga bog‘liqlikni qisqartirish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishda “yashil” energiya loyihalarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kichik quvvatli quyosh panellarini joriy etishga bo‘lgan qiziqish oshib borayotgani va bu esa markazlashmagan energiya ishlab chiqarishni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida qayta tiklanuvchi energiya loyihalari orqali “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmlari izchil oshib borayotgani, bu jarayon energetika islohotlarini iqlim bo‘yicha xalqaro majburiyatlar hamda barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish imkonini berayotgani yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash va xalqaro tajribani qo‘llash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida Xalqaro toza energiya kuni munosabati bilan maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Keling, sayyoramizga nafas olishga yordam beraylik” milliy toza energiya tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbus yosh avlodning ekologik ongini oshirish, ularni iqlim bo‘yicha chora-tadbirlarda faol ishtirok etishga undash hamda barqaror kelajak uchun mas’uliyat hissini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA