Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toyvo Klaar: Yevropa kinofestivali do‘stlik va madaniy muloqot ko‘prigi vazifasini bajaradi
21:26 / 2025-11-06

Bugun Toshkent shahrida o‘ninchi Yevropa kinofestivalining namoyishi boshlandi.

Ta’kidlash kerakki, Yevropa kinosanoati va madaniy hamkorlik sohasidagi bu muhim voqea mamlakatimizning san’at va kino sohasidagi rivojiga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar o‘z fikrlarini bildirdi:

- O‘zbekistonda Yevropa kinofestivalining 10 yillik yubiley nashrida sizlarni qutlash men uchun katta mamnuniyatdir. Bu muhim sana 12 ta Yevropa mamlakatida yaratilgan 12 ta benazir filmni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular tomoshabinlar qalbini teran hayajonga solishiga ishonaman.

O‘tgan o‘n yil davomida festival mamlakatimizdagi eng nufuzli va sevimli madaniy voqealardan biriga aylandi hamda Yevropa va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy muloqot ko‘prigi vazifasini bajarib kelmoqda.

2013 yilda ilk bor tashkil etilgan mazkur festival shu vaqtgacha 22 ta Yevropa mamlakatida yaratilgan 110 dan ziyod filmni tomoshabinlarga taqdim etdi. U mamlakatning to‘qqizta hududini qamrab oldi va 30 mingdan ortiq tomoshabinni jamladi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan samarali hamkorligimiz tufayli festival Toshkentdan tashqari hududlarga ham kengaydi. Navoiy, Farg‘ona, Urganch, Buxoro kabi shaharlarda namoyishlar o‘tkazilib, yangi tomoshabinlar safini kengaytirmoqda hamda ijodiy almashinuvni rag‘batlantirmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayevga festivalning rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi va doimiy qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Festival yillar davomida faqatgina yevropalik filmlarni namoyish etish bilan cheklanib qolmasdan, balki Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan seminarlar, kino laboratoriyalar va film lagerlari orqali yosh o‘zbek kinoijodkorlarini ilhomlantirib kelmoqda. Bu tashabbuslar mutaxassislar o‘rtasidagi kasbiy aloqalarni mustahkamlashga va yangi avlod ijodkorlari orasida hikoya aytib berish san’atini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Joriy yilgi festival haqiqiy “Yevropa jamoasi” ruhida tashkil etilmoqda. Unda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchixonalari, shuningdek, Gyote instituti va “Alyans Fransez” tashkilotlari faol ishtirok etmoqda.

2025 yilgi dastur Yevropaning o‘zi kabi rang-barang bo‘lib, unda Oskar sovrindori bo‘lgan “FLO” animatsiyasi hamda Avstriya drama filmi “Gypsy Queen” kabi asarlar joy olgan. Har bir film inson tajribasi va hissiyotlarini yoritgan, chegara va to‘siqlarni ortda qoldirgan hikoyadir.

[gallery-26132]

Shuningdek, Yevropaning madaniy merosini namoyon etuvchi maxsus tadbirlar ham rejalashtirilgan. Jumladan, 7 noyabr kuni Ispaniyaning “Aire Nuevo Danza” raqqoslar truppasi Davlat xoreografiya akademiyasi sahnasida ispan raqsi tarixi - uning ildizlaridan to zamonaviy ko‘rinishlarigacha bo‘lgan musiqiy sayohatni namoyish etadi. Shuningdek, ular bugun talabalar uchun mahorat darsini o‘tkazib, klassik ispan raqsi an’analarini bo‘lishdi.

Muhimi, bu festival nafaqat Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, balki mamlakatdagi yosh kinoijodkorlar uchun ilhom va tajriba almashinuvi maydoni vazifasini bajaradi.

 Nasiba Ziyodullayeva, Rustam Nazarmatov (foto), O‘zA