Samarqand viloyati Toyloq tumani hokimligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Sodiqjon Turdiyev ishtirokida “Oilaviy ajrimlarning ko‘payishi – jamiyat tanazzuli, millat fojiasi” nomli yarashtiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlikning nuroniy onaxonlarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i X.Mirzajonova, tuman hokimligi mas’ullari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari, ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilalar vakillari hamda nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirok etdi.
Xabaringiz bor, yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari forumida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oilaviy ajrimlar masalasiga to‘xtalar ekan, xalqimiz azaldan bu oshiyonni muqaddas bilib, uni doimo asrab-avaylashi, oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat shunchalik barqaror bo‘lishini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga davlatimiz rahbari loqaydlik va e’tiborsizligimiz oqibutida o‘tgan 2020 yil 11 oyida mamlakatimizda 25 ming ajrim qayd etilgani, buning oqibatida qanchadan-qancha begunoh bolalar tirik yetim bo‘lib qolayotgani, qancha insonlarning taqdiri izdan chiqib, sarson-sargardon bo‘layotganini afsus bilan tilga olib, ajrimlarning oldini olish, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirishda keng jamoatchilik, avvalambor, ko‘pni ko‘rgan mo‘’tabar nuroniylarni yanada faol bo‘lishga chaqirgan edi.
Vazir o‘rinbosari S.Turdiyev bu haqda so‘z yuritarkan, bugungi kunda jamiyatimizdagi ajrimlar muammosiga asosan yoshlardagi oila va nikohga bo‘lgan mas’uliyatsizlik, farzand taqdiriga bo‘lgan loqaydlik, yosh oilalar hayotiga uchinchi shaxslarning o‘rinsiz aralashuvi sabab bo‘layotganini ta’kidlab, ajrimlarning oldini olishda joylardagi Nuroniylar jamoatchilik kengashlari hamda mahallalardagi “Keksalar maslahati” guruhi a’zolari, imom-xatiblar, otinoyilarning faolligini yanada oshirish lozimligini qayd etdi.

Qolaversa, ushbu yo‘nalishdagi targ‘ibot-tashviqot tadbirlarining ta’sirchanligini oshirish, erta va noqonuniy nikohlarning oldini olish, nuroniylar tomonidan yoshlarga nikohning muqaddasligi, ajrimlarning salbiy oqibatlari, arosatda qolgan begunoh farzandlarning taqdiri haqida hayotiy misollar orqali keng tushunchalar berish jamiyatimizda oilalar mustahkamligini ta’minlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, o‘tgan 2020 yilda Toyloq tumanida 93 ta oila ajrashish uchun sudga ariza bergan. Bu ko‘rsatgich 2019 yilga nisbatan 49 taga kamaygan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 47 ta oila saqlab qolingan.
Tadbir davomida ajrim yoqasiga kelib qolgan 7 ta oila yarashtirilib, ularga tuman hokimligi tomonidan maishiy texnika hamda 12 nafar ishsiz va og‘ir sharoitdagi xotin-qizlarga tikuv mashinalari berildi.