Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toyloq kambag‘allikdan xoli hudud bo‘ladi(mi?)
12:04 / 2026-02-05

Toyloq tumani Samarqand viloyatining meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan hududlaridan biri sanaladi. Azaldan bu zaminda yetishtirilgan noz-ne’matlar faqat yurtimizda emas, xorijda ham ma’lumu mashhur bo‘lgan. Ayni chog‘da ham tuman ushbu yo‘nalish bo‘yicha viloyatda yetakchilardan hisoblanadi. 

Endilikda Toyloqda faqat meva-sabzavot, parranda va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishgina emas, balki ularni qayta ishlash, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda ushbu yo‘nalishda yigirmadan ortiq korxona ishlayapti, ularda minglab ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Shuning uchun bugungi kunda tumanda 81 mingga yaqin kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, ish bilan band bo‘lmagan aholi 3,8 ming nafar (ishsizlik darajasi 4,6 foiz)ni tashkil etmoqda. Aholining kambag‘allik darajasi esa 2025 yil boshida 6,2 foiz va kambag‘allik reyestriga kiritilgan oilalar 3260 ta bo‘lgani holda yil davomida 2152 ta oilalar reyestrdan chiqarildi va kambag‘allik darajasi 3,7 foizga tushdi. 

Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil 34,5 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 26 ming nafarga yaqin aholining daromadini oshirish, 1945 ta kambag‘al oilaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlab, Toyloqni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish belgilangan. 

Bu nimaning hisobidan yoki qay tartibda amalga oshirilishi qiziqtiradi kishini albatta. Dastur va rejalarda qayd etilishicha, joriy yilda tumandagi kambag‘al oilalarning 3561 nafar a’zosiga bandlik xizmatlari ko‘rsatiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 1200 dan ortiq fuqaroga 34 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratiladi. 1216 nafar ishsiz fuqaro tadbirkorlikka yo‘naltirilib, o‘zini-o‘zi band qilgan holda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi. Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida 2000 ta mikroloyihani ishga tushirish hisobiga 4000 nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. 

Mahallalarning ixtisoslashuvini kengaytirgan holda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish hajmi va aholi daromadlari oshiriladi. Shuningdek, “yo‘l bo‘yi” xizmat ko‘rsatish yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratiladi. 

Bugungi kunda tumandagi mahallalarning 18 tasi ma’lum bir yo‘nalish bo‘yicha “chuqur” ixtisoslashgan bo‘lsa, 28 tasi “o‘rta” ixtisoslashgan va 4 tasi “og‘ir” ixtisoslashgan hisoblanadi. Bu yil “o‘rta” va “og‘ir” toifadagi 10 ta mahallani “chuqur” ixtisoslashgan mahallalar qatoriga qo‘shib, 9500 nafardan ortiq aholining bandligini ta’minlash va daromadini oshirish belgilangan. To‘rt ming nafardan ko‘proq aholi yashayotgan Nayman mahallasidagi 590 xonadonning asosiy qismi kartoshka va sabzavot yetishtirish bilan, 100 dan ortiq xonadon esa mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari tayyorlash bilan shug‘ullanadi. 

– Mahallamizdagi har bir xonadonning kamida 8-10 sotix tomorqa yeri bor, – deydi Toyloq tumani Nayman mahallasi raisi Nizom Sattorov. – Bundan tashqari, fermer xo‘jaligida pudrat asosida ishlaydigan, ijaraga yer olib ishlaydigan oilalarimiz ko‘p. Tomorqa yerlarida asosan meva-sabzavot, ko‘chat yetishtiriladi, chorva, parranda boqiladi. Ko‘plab xonadonlarimizda issiqxonalar tashkil etilgan va ular yil davomida kichik yerdan mo‘l daromad qiladi. Umuman, bizda yil davomida yerdan kamida ikki-uch marta hosil olinadi. Bekorchi odam, deyarli yo‘q. Xorijga ish izlab ketgan fuqarolarimiz yuz nafarga yetmaydi, ular ham yurtimizga qaytib kelib, shu yerda rizq-nasibasini topyapti. 60 ga yaqin oila kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, lekin ularning ham o‘ta nochorlari juda kam. Tani-joni sog‘ odam qo‘ni-qo‘shnisiga qarab, ulardan o‘rganib mehnat qilyapti, ro‘zg‘orini tebratyapti. Mahalla va mahalladoshlarimiz ham bunday oilalarga imkon qadar ko‘maklashyapti, hech bo‘lmaganda, ishlashi, biror kasb-hunar bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratib beryapmiz. Faqatgina nogironligi bo‘lgan yoki surunkali kasalligi bo‘lgan mahalladoshlarimiz tomorqada ishlashga qiynalishi mumkin, ammo ularning ham yeri bo‘sh qolmaydi. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni bunday oilalarga tomorqada ekin ekish va parvarishlashda ko‘maklashyapti.

Shu mahallada yashovchi Zafar Jo‘rayev o‘zining 4-5 sotix keladigan hovlisi bilan birga 10 sotix tomorqa yerida ham mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanar ekan. Hozirda bahorgi mavsumda sotish uchun hovlisida 15 ming tup ko‘chat tayyorlab qo‘ygan. 

– Olma, o‘rik, gilos, nok, shaftoli singari o‘nga yaqin mevali daraxt ko‘chatlarimiz bor, – deydi Zafar Jo‘rayev. – O‘zim va turmush o‘rtog‘im, uch nafar farzandim shu yumush bilan bandmiz. Xudoga shukr, mehnatimizga yarasha daromad qilyapmiz. Ko‘chatlarimizni turi va naviga qarab 10 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha sotamiz. Mahallamiz ko‘chatchilar mahallasi bo‘lgani uchun respublikamizning turli hududlaridan bog‘bonlar, fermerlar o‘zlari kelib, ko‘chatlarni olib ketadi. Keyingi yillarda tojikistonliklar ham kelib, bizning ko‘chatlarimizni sotib olishyapti. Bundan tashqari, bahor va kuzda mahallamiz yaqinidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lining yoqasiga ko‘chat chiqarib sotayotganlarning ham aksariyatini naymanliklar tashkil etadi. O‘z tomorqasidan tashqari, fermer xo‘jaligidan 50 sotixgacha yerni ijaraga olib mehnat qiladigan Lutfulla Zayniyev yetishtirgan ko‘chatlarni asosan ulgurji xaridorlar olib ketadi. 

– Har yili 15 mingdan 50 mingtagacha ko‘chat tayyorlaymiz, – deydi Lutfulla Zayniyev. – Bizga ko‘proq fermerlar, yirik bog‘dorchilik xo‘jaliklari buyurtma beradi yoki bizdan ko‘chat olganlardan eshitib, o‘zlari izlab keladi. Masalan, to‘rt xil navdagi olma ko‘chatlarimizni asosan Jizzaxning Baxmal tumani bog‘bonlari olib ketadi, besh xil navli gilos ko‘chatlarimizga vodiyliklar xaridor. Shaftoli, nok, o‘rik va boshqa ko‘chatlarimizni ham yurtimizning turli hududlaridan kelib olib ketishadi. Keyingi yillarda iqlim o‘zgarib borayotgani va erta bahorda ayni daraxtlar gullagan paytda kutilmaganda qor yog‘ishi va sovuq bo‘lishi natijasida ayrim mevali daraxtlar hosili nobud bo‘lyapti. Ana shunday holatlarni ham hisobga olgan holda sovuqqa chidamli va kech gullaydigan mevali daraxt navlarini ko‘paytirishga harakat qilyapmiz. Masalan, bu yil sentyabrda pishadigan o‘rik daraxti ko‘chatini tayyorladik. Umuman, faqat eski navlar bilan cheklanmay, xorijdan keltirilayotgan mevali daraxtlar va intensiv bog‘lar uchun ham ko‘chatlar yetishtirishni o‘zlashtiryapmiz. 

Naymanda bir nechta oila bedanachilik bilan shug‘ullanar ekan. Azamat Hamroyev bu ishni mahallada eng birinchi boshlagan oilaviy tadbirkor hisoblanadi. 

[gallery-27482]

– 9 yildan buyon shu ish bilan shug‘ullanaman, – deydi A.Hamroyev. – Ungacha xorijga borib ishlardim va oiladan uzoqda bo‘lish, turli sarsongarchiliklar jonimdan o‘tib ketgandi. Bedana boqib yaxshigina daromad qilayotganlar haqida eshitgach, “nega boshqalar qilgan ishni men qila olmas ekanman”, dedimu ularning tajribasini o‘rganib, shu ishga qo‘l urdim. Lekin ishni boshlash uchun ham qo‘limda yetarli mablag‘ bo‘lmagani sababli bankdan 33 million so‘m kredit olib, 1000 ta bedana boqish bilan ishni boshlaganman. To‘g‘ri, boshida biroz qiynaldim, daromad olish oson bo‘lmadi. Ammo o‘qib-o‘rganib, bedanachilikning eng serdaromad ishligini amalda ko‘ryapman. Hozir 8 minga yaqin bedanam bor. Kuniga 3000 tadan ortiq tuxum olaman va uning xaridori aniq. Uydan kelib olib ketishadi, doimiy buyurtmachilarimiz bor. To‘rt yil oldin inkubator olib kelib, bedana jo‘jalari ochtirishni ham yo‘lga qo‘ydim. Ayni paytda 60 mingta zotdor bedana tuxumini inkubatorga qo‘yganmiz. Yaqin bir oyda jo‘jalar ochib chiqqach, ularni buyurtmachilarga yetkazib beramiz, o‘zim faoliyatni yana kengaytirmoqchiman. Shu sohada ozmi-ko‘pmi tajribaga ega inson sifatida aytishim mumkinki, 2000 ta bedana boqqan xonadon kuniga 100-150 ming so‘m daromad qilsa bo‘ladi. Bu ish juda murakkab ham emas, bir kishi bemalol uddalasa bo‘ladi. 

Nayman mahallasida ko‘rganlarimiz va aholining fikrlarini eshitganlarimiz asosidagi xulosamiz shunday – agar inson hayotini o‘zgartirish, farovon yashashga intilsa, mehnatdan qochmasa, albatta bunga erisha oladi. Ana shunda nafaqat o‘sha oila yoki ma’lum bir hudud, balki butun mamlakat kambag‘allikdan xoli bo‘la oladi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari