To‘y va boshqa marosimlarni tartibga solish bugungi kundagi eng dolzarb va muhim masalalardan biridir.
Mamlakatimizda to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishda yo‘l qo‘yilayotgan salbiy holatlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish maqsadida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi, Mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan “Maromiylik” tartibi imzolanib, dolzarb 90 kunlik e’lon qilingan edi.
Vazirlar Mahkamasining mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tartibga solish, doimiy nazorat o‘rnatishga qaratilgan tegishli qarori ijrosini ta’minlash hamda to‘y va marosimlarni ixcham, oila imkoniyatlariga mos ravishda tashkil etish bo‘yicha “Maromiylik” ishchi guruhlari tuzilib, to‘y marosimlarini o‘tkazilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilmoqda. Ularda hali ham o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi aniqlanmoqda.
Namangan viloyati hokimligida shahar va tuman studiyalariga bog‘langan holda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ham ayni shu masalaga bag‘ishlandi. Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov Ishchi guruhi tomonidan aniqlangan salbiy holatlarga birma-bir to‘xtalib, to‘ylarda uchrayotgan ortiqcha dabdaba va nojoiz odatlarni aniq misollar asosida tanqid qildi.
[gallery-26225]
Yig‘ilishda “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov, viloyat hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dinara Yaqubova, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Musoxon Appaqov, viloyat bosh imom-hatibi Musoxon Abbosiddinov to‘y va ma’rakalardagi isrofgarchilik, dabdabalarga barham berish, bid’at urf-odatlarga yo‘lga qo‘ymaslik, tejamkorlik mavzularida fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Shuningdek, hududiy studiyalarda ishtirok etayotgan faollar ham o‘z munosabatini bildirdi. Viloyat rahbari ko‘tarilgan masala bo‘yicha tegishli mas’ullar oldiga tegishli topshiriq va vazifalar qo‘yib, “Maromiylik” tartibiga qat’iy amal qilish lozimligini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.