Vatanimiz tarixidagi 5 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1404 yil (bundan 621 yil oldin) – Samarqandga – Amir Temur saroyiga otlangan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo Erondagi Xoy shahriga yetib keldi. Ispan elchisi bu yerda Amir Temur uchun sovg‘a-salomlar ortilgan o‘n beshtacha tuya bilan yigirmaga yaqin suvoriy qo‘riqchiligida yo‘lga chiqqan mamluklar sultoni Nasriddin Faraj elchilarini ham uchratdi. Ular Amir Temurga atab oltita tuyaqush va bitta jirafa olib bormoqda edilar.
Klavixo o‘z kundaligida jirafani quyidagicha ta’riflaydi: “Jirafaning gavdasi ot gavdasiga teng, bo‘yni juda daroz, oldingi oyoqlari keyingisiga nisbatan ancha uzun, oyog‘i ho‘kiznikiga o‘xshash qo‘shtuyoq edi... Uzun bo‘ynini istagancha cho‘zib, besh-olti metr balandlikdan ham o‘ziga yemish topa olardi. Jirafa o‘zi xush ko‘radigan baland daraxtlarning barglaridan oziqlanadi. Xullas, birinchi bor ko‘rgan kishi uchun jirafa haqiqatan ham g‘aroyib hayvon edi”.
1494 yil (bundan 531 yil oldin) – Zahiriddin Muhammad Bobur hijriy hisobda o‘n ikki yoshida, halok bo‘lgan otasi – Farg‘ona viloyati hokimi temuriyzoda Umarshayx mirzoning o‘rniga Farg‘ona taxtiga o‘tqizildi.
1892 yil (bundan 133 yil oldin) – jadidchilik harakatining asoschisi Ismoilbek G‘aspirali Turkiston general-gubernatori baron Vrevskiyga o‘lkadagi maktab va madrasalarni tubdan isloh qilishga qaratilgan mazmunda xat bilan murojaat qildi. Ushbu xatida G‘aspirali mahalliy maktablarda o‘qitish tartiblarini soddalashtirish, ibtidoiy maktabda olti yilda beriladigan bilimni 2 yilda amalga oshirish, shu yo‘l bilan tejab qolingan yilda esa musulmonlar turmush tarzi va maktabiga daxl qilmagan holda rus tilini o‘qitishga sarflash masalasini qo‘ydi.
Tarixchi Alisher Isoqboyevning qayd etishicha, Turkiston general-gubernatori Vrevskiy xatni o‘rganib chiqishni o‘lkadagi maorif “fidoyilari” Ostroumov va Nalivkinga topshirgan. Masalani o‘rganib chiqqan Ostroumov va Nalivkin G‘aspirali takliflarini qat’iyan rad etgan. General-gubernator Vrevskiy bilan yozishmalardan naf chiqmagach, G‘aspirali shaxsan o‘zi Turkiston safariga otlangan.
1916 yil (bundan 109 yil oldin) – Buxoro amiri Olimxon ma’mur va ulamolarni yig‘ib, majlis o‘tkazdi xamda to‘ylarda qand tarqatishni shariatga zid, deb fatvo chikartirdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Amir Olimxon serxarajat to‘ylar oilalarni iqtisodiy falokat yoqasiga olib kelishini anglagan xolda, bunday to‘ylarni bartaraf etish bo‘yicha qatiy talablarni ishlab chiqdi. Natijada to‘y kunlari qisqartirildi, bir xil ovqat pishirish belgilab ko‘yildi, chopon kiydirishlar keskin kamaydi, qand tarqatish to‘xtatildi xamda ko‘pkarilar o‘tkazilmay ko‘yildi. Oddiy xalq bu farmonlarni mamnuniyat bilan qabul qildi va unga amal qildi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Yosh xivaliklar inqilobiy partiyasi rasmiy tashkilot sifatida to‘la shakllandi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (hozirgi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi) va Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi o‘rtasida Toshkent shahrida Konfutsiy nomli institutni tashkil etish to‘g‘risida shartnoma imzolandi. 2005 yil 7 mayda Toshkentda mazkur institutning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – bank va investitsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi iqtisodiyotini integratsiyalash maqsadida Qozog‘iston Taraqqiyot bankining O‘zbekiston Respublikasi hududida vakolatxonasi ochildi.
2008 yil (bundan 17 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida «O‘zbekiston» anjumanlar saroyini qurish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2014 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Do‘rmon» milliy bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qatar Davlati fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejimni belgilash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA