Jizzax viloyatining Zomin tumanida “Yuzma-yuz muloqot” haftaligi doirasida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Zomin tuman hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi va uning tuman bo‘linmasi hamda keng jamoatchilik vakillari, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutasaddilari ishtirok etishdi.

Seminarda oilaviy qadriyatlarni asrash, milliy urf-odatlarimizga xos kamtarlik va tejamkorlikni yurtdoshlarimiz ongiga singdirish, shuningdek zamonaviy talablarga mos, mazmunan boy to‘y va marosimlarni o‘tkazish masalalari muhokama etildi.

– Vazirlar Mahkamasi tomonidan shu yilning 16 sentyabrida chiqarilgan qaror nafaqat oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish, balki isrofgarchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi jamiyatda ongli munosabatni shakllantirishga qaratilgan muhim hujjatdir. Biz bu borada aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirishimiz, to‘ylarimizda ma’naviy mazmun, samimiyat va milliy qadriyatlarimiz ustuvor bo‘lishiga harakat qilishimiz zarur. – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Iqboloy Umarova.

Seminar ishtirokchilari ta’kidlaganidek, har bir to‘y – nafaqat quvonchli voqea, balki ijtimoiy madaniyatning ko‘zgusidir. Ortiqcha dabdaba va isrofgarchilik emas, balki ahillik, ma’naviyat va samimiyat to‘yning haqiqiy mazmun va fayzini belgilaydi.

O‘quv-seminar yakunida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, aholining ijtimoiy ongini oshirish va isrofgarchilikka qarshi tizimli kurashish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari