O‘zbekistonda to‘y-ma’raka kabi marosimlar tarixan jamiyatning muhim madaniy qismi sifatida shakllangan. Biroq, so‘nggi yillarda bu marosimlar ko‘p hollarda ortiqcha va hatto iqtisodiy jihatdan og‘ir yukka aylangan. Hukumatning so‘nggi qarori aynan shu muammoni bartaraf etishga qaratildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 sentyabrdagi 589-sonli qaroriga muvofiq, “Oqilona iste’mol” (Save Food) dasturi doirasida to‘ylar, marosimlar va oilaviy tadbirlar belgilangan tartib asosida nazoratga olinadi.
Hukumat qarori bilan ortiqcha xarajat talab qiladigan rasm-rusumlar, jumladan “kuyov navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi” va motam marosimlaridagi “yetti”, “payshanba”, “yakshanba”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” kabi marosimlarni o‘tkazish taqiqlandi.

Shuningdek, to‘y, ma’raka va oilaviy marosimlar belgilangan cheklovlar asosida o‘tkaziladi:
— oilaviy tadbirlar — 200 nafargacha;
— osh marosimi — 250 nafargacha;
— qo‘shaloq to‘ylar — 250 nafargacha;
— qo‘shaloq to‘y oshlari — 300 nafargacha.
Hukumat bu qaror orqali jamiyatdagi ortiqcha rasm-rusumlarning oldini olish, oilalarni qarzdorlik va “o‘zini xalqqa ko‘rsatib qo‘yish” bosimidan xalos etishni maqsad qilgan. Ko‘p hollarda ota-ona va yosh oilalar millionlab mablag‘ni to‘y va ma’rakalarga sarflab, keyingi yillarda qarzlarini to‘lash bilan ovora bo‘lib qolishmoqda.
Hukumat qarori an’analarga qarshi emas, balki ortiqcha sarf-xarajat, isrof va ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashga qaratilgan. Mazkur cheklovlar orqali davlat xalqni moliyaviy yukdan himoya qilish, marosimlarning mazmun va maqsadini saqlagan holda uning sifatini yaxshilashni ko‘zlamoqda. Bu qaror jamiyatda og‘ir va uzoq yillik, keraksiz rasm-rusumlarni yo‘q qilish sari tashlangan muhim qadamlardan biri.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA