Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
To‘xtamurod Jumayev nomidagi Qorako‘l matematika olimpiadasi o‘tkazildi
10:53 / 2022-11-01

“Jahonga yuz tutgan maktab” nomini olgan Qorako‘l matematika maktabining ulkan yutuqlari zamirida maktab asoschisi — O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, “El-yurt hurmati” ordeni va “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi To‘xtamurod Jumayevning xizmatlari, fidoyiligi va jonkuyarligi yotadi.

To‘xtamurod Jumayev davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, “bugungi kunimizning haqiqiy ma’rifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi”.  Ustoz o‘ziga xos yangi uslub maktabini yaratib, uni respublika darajasidagi ta’lim dargohiga aylantira oldi, ulkan marralar sari olib chiqdi.  

Bu fidoyi ustozning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan To‘xtamurod Jumayev nomidagi Qorako‘l matematika olimpiadasi tashkil etildi. Yaqinda poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 81-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida To‘xtamurod Jumayev nomidagi Qorako‘l matematika olimpiadasining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. Unda respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 5-11-sinf o‘quvchilari matematika fani bo‘yicha o‘z bilimlarini sinashdi.    

— Qorako‘l maktabi o‘quvchilari yillar davomida respublika va xalqaro fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, ko‘plab medallarni qo‘lga kiritishgan, — deydi Xalq ta’limi vazirligi departamenti rahbari Umidjon Rahmonov. — Xalqaro matematika olimpiadalarida mamlakatimiz jami 39 ta kumush va bronza medallarini olib kelgan bo‘lsa, uning 26 tasi aynan Qorako‘l maktabi o‘quvchilari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu yil sentyabr oyida To‘xtamurod Jumayev nomidagi Qorako‘l matematika olimpiadasining birinchi bosqichi o‘tkazilgan edi. Unda belgilangan ballarni qo‘lga kiritgan 5-11-sinfning 530dan ortiq o‘quvchilari ishtirok etgan edi. Ikkinchi bosqichga o‘tgan o‘quvchilar test va yozma ish ko‘rinishidagi topshiriqlarni bajarishadi.    

Olimpiadada adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida 30 nafar ota-onalar ham bevosita sinov olinayotgan xonalarga taklif qilindi. Natijalarni matematika fanidan xalqaro va respublika olimpiadalarida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 30 nafar hakamlar hay’ati tekshirib bordi.    

Yakuniy natijalar aniqlanib, 1-, 2-, 3-o‘rinni olgan o‘quvchilar sovg‘alar bilan taqdirlandi. Matematika faniga qiziquvchi bilimdonlar uchun To‘xtamurod Jumayev nomidagi Qorako‘l matematika olimpiadasidagi g‘oliblik ularning kelgusidagi faoliyatiga katta motivatsiya bo‘ladi. Taqdirlash marosimida mazkur olimpiadani xalqaro darajadagi an’anaviy matematika olimpiadasiga aylantirish taklifi ilgari surildi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA