Hibsxona, qamoqxona kabi yopiq muassasalarda qiynoqlar yuz berishi, mahkumlar dodini hech kimga ayta olmasligi kabi holatlar uzoq emas, juda yaqin tarix.
bugungi kunga kelib esa yopiq muassasalarda shart-sharoitlar yaxshilanishi barobarida ulardagi ahvolni muntazam o‘rganish, monitoring qilish tizimi ham yo‘lga qo‘yildi.
Shu maqsadda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) huzurida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi tashkil etilgan.
Bundan tashqari, har bir jazoni ijro etish va boshqa yopiq muassasalarda Ombudsman qutisi tashkil etilgan bo‘lib, mahkumlar unga shikoyat va arizalarini yozib qoldirishi mumkin.
Kuni kecha Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Tovoqsoy qishlog‘ida joylashgan 7-sonli jazoni ijro etish muassasasidagi shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligida amalga oshirilgan monitoring davomida koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Ushbu muassasada o‘tkazilgan avvalgi monitoring tashriflaridan birida oshxonadagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha Ombudsman tomonidan tavsiyalar bildirilgan. Monitoring davomida oshxona 2022 yilda to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgani ma’lum bo‘ldi. Mahkumlarga 3 mahal belgilangan tartib asosida ovqat beriladi.
“Bu yerga kelishimdan oldim qamoqda sharoitlar yaxshi emasligi haqida turli xil gaplar eshitganman. Hozir ham ko‘pchilik shunday deb o‘ylaydi. Kelganimga 11 oy bo‘ldi. Sharoitlar yaxshi. Sifatli ovqatlar berilishini to‘g‘risi kutmagan edim. Dam olish kunlari osh qilib berishadi. Sexlardagi sharoitlar ham yaxshi”, deydi mahkumlardan biri.
Jamoatchilik guruhlari a’zolarining e’tiborini tortgan jihatlardan yana biri elektron magazin xizmatining joriy etilgani bo‘ldi.
Qayd etish lozimki, shu kunlarda dunyo hamjamiyatining diqqat e’tibori O‘zbekistonga qaratilgan. Chunki mamlakatda muhim jarayon – O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 2023 yil 30 aprel kuniga tayinlangan referendumda ozodlikdan mahrum etilgan, biroq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan mahkumlar ham ovoz berishi mumkin. Mingdan ortiq mahkumlar saqlanadigan mazkur muassasada 10 ga yaqin ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan mahkum bor. Ular konstitutsiyaviy islohotlardan xabardorligi, madaniy xordiq paytida televizorda turli ko‘rsatuvlarni ko‘rishlari va muassasa tomonidan ham tushuntirishlar berilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, monitoring davomida mahkumlarga yaratilgan mehnat sharoitlari o‘rganildi. 7-son jazoni ijro etish muassasasi rahbari, polkovnik Sharofiddin Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 9 ta - tikuvchilik, yog‘och uymakorligi, mebellar tayyorlash, temirdan yasalgan buyumlar va chinnidan idishlari ishlab chiqarish, to‘qish va boshqa sexlar mavjud.

2022 yilda yangi kasbga o‘rgatilgan 282 nafar mahkumga sertifikat berilgan. Sexlardan tushgan foyda hisobiga yana 2 ta yangi sex qurilgan. Hozirda mahkumlarning 62 foizi ish bilan ta’minlangan. Yangi sexlar ishga tushishi bilan mahkumlar bandligi 75 foizga oshiriladi. Nogironligi bor shaxslar, betoblar va keksa mahkumlar ishga jalb etilmaydi.
Ishlab chiqarish sexlarida ishbay asosida mehnatga haq to‘lanadi. Tikuvchilik sexida ko‘p ishlagani uchun 2,5-3 million so‘mgacha ish xaqi olayotganlar borligi, aksariyat mahkumlar esa 1 million so‘m atrofida ish haqi olishlari aytildi.
Mahkumlarga yaratilgan tibbiy xizmat sifati o‘rganilganda, dori-darmon, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat borasida hech qanday shikoyatlar tushmadi. Lekin, muassasada 8 ta shifokor shtatidan yarmi vakant ekani ma’lum bo‘ldi.
- Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari va boshqa yopiq muassasalarga muntazam ravishda monitoringlar amalga oshirilmoqda, - dedi Ombudsman axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova. – Monitoringda mahkumlar bilan erkin muloqotlar olib boriladi, shikoyatlar bo‘lsa, eshitiladi. Agar statistikaga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsa, 2022 yilda 381 marta monitoring tashriflari amalga oshirildi. Bu 2021 yilga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘p. Joriy yilda ham bu yo‘nalishdagi ishlar yanada kuchaytirishni maqsad qilganmiz, ya’ni 500-600 ga yetkazish ko‘zda tutilgan. Muassasada yaratilgan sharoitlar bo‘yicha shikoyatlar tushmadi. Faqat ayrim mahkumlar tayinlangan jazodan norozi ekanini, ayrimlari nohaq qamalganini aytib murojaat qildi. Bunday murojaatni ko‘rib chiqish, albatta, vaqt talab qiladi. Bundan tashqari, Ombudsman qutilaridagi murojaatlar ham qabul qilib olindi. 2022 yilda Ombudsman nomiga jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan turli masalalarda 3,5 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.

- Qiynoq bilan bog‘liq murojaatlar bo‘lganmi?
- Qiynoq bilan bog‘liq murojaat bugun bo‘lmadi. 2022 yilda ruhiy bosim, zo‘ravonlik o‘tkazish bilan bog‘liq murojaatlar tushgan. Lekin ularning ko‘pchiligi o‘z tasdig‘ini topmadi. Bu yo‘nalishda o‘tgan yilda ikki shaxs – bitta sog‘liqni saqlash, bitta ichki ishlar organi xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
2022 yilda Ombudsman nomiga huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganlik haqida 189 shikoyat kelib tushgan. Ushbu shikoyatlarning 76,7 foizi o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari, shuningdek prokuratura idoralari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘i topmagan. 16 tasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda. 14 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish belgilangan.

Shikoyat va arizalar ko‘rib chiqilishi natijasida 2022 yilda prokuratura idoralari tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 43 ta qaror bekor qilinib, qo‘shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish belgilandi. 21 murojaat bo‘yicha tegishli sudlar tomonidan 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi, 13 nafar ayblanuvchiga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasi yengilrog‘iga o‘zgartirildi. 17 nafar mahkumning (mahbusning) oila a’zolariga moddiy va ijtimoiy ko‘mak berildi. 21 nafar mahkum Jazoni ijro etish departamenti tomonidan insonparvarlik tamoyili asosida, istisno tariqasida, yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi koloniyaga o‘tkazildi.
Xizmat tekshiruvlari yakunlariga ko‘ra, 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan va 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 3 nafar mahkumga qo‘llanilgan intizomiy ta’sir chorasi noqonuniy, deb topilgan va bekor qilingan.
Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.
Monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uD28ht1JgeQ" title="Товоқсойдаги жазони ижро этиш муассасасида шароитлар қандай?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA