Nafs insonning eng ashaddiy dushmanidir. U o‘z sohibini ne-ne ayanchli ko‘ylarga solmaydi, deysiz. Vaqti kelsa, qotillikka ham undaydi. Shunga qaramay, odamzod uning izmidan chiqolmaydi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi Maksim Kopshin anchadan buyon giyohvand moddalarni tashish va saqlash bilan shug‘ullanardi. Shunga yarasha oz-moz pul ham jamg‘argandi. Qibraylik Fathiddin Alixonov esa nogahon bundan xabar topib qoladi. Shundan keyin Fathiddinda M.Kopshinning pullari va buyumlarini qo‘lga kiritish fikri tug‘iladi.
I.G‘aybullayev, F.Alixonov va R.Do‘stmurodovlar oldindan jinoiy reja tuzib, til biriktiradi. Rejaga muvofiq esa 2024 yil 19 avgust kuni soat 19:30larda Mirzo-Ulug‘bek tumanining Ahmad Yugnakiy mavzesidagi M.Kopshin istiqomat qiladigan xonadon yoniga keladi. So‘ngra yuzlariga qora matodan ishlangan niqob taqqan holda g‘ayriqonuniy ravishda uyga bostirib kiradi.
“Chaqirilmagan mehmon”lar kiriboq mezbonga hujum qilib, uni do‘pposlashga, tepkilashga tushadi. Oqibatda Maksimning bir zumda yuzi, ko‘zi momataloq bo‘ladi va tanasining boshqa joylari jarohatlanadi. Bu ham yetmagandek, qo‘l va oyoqlarini bog‘lab, bo‘yniga pichoq tiragan holda o‘ldirish bilan qo‘rqitib, pul va qimmatbaho buyumlarini talab qilishadi. Shu asnoda “Iphone 14 Pro” rusumli uyali telefonidagi “Tenge bank” ilovasi orqali elektron xamyonidagi 2 million so‘m puli, “AppleWatch” qo‘l soati va xotira qurilmasi, 600 ming so‘m naqd puli, kumush zanjiri va telefon quvvatlash moslamasini bosqinchilik yo‘li bilan egallashadi. Ammo bu uchchala jinoyatchini qoniqtirmaydi, oshqacharoq hiyla o‘ylab topadi.
Ya’ni endi bosqinchilar xonadon sohibini o‘zlariga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi haqida majburlab gapirtirib, mazkur holatni videotasvirga oladi. Qolaversa, go‘yoki ulardan bir oy muddatda qaytarish sharti bilan 10.000 AQSH dollari olgani, qarzining yarmini 10 kunda, qolgan 5000 AQSH dollarini esa 2024 yil 15 sentyabrda to‘liq qaytarib berishi haqida yozdirib oladi.
Ungacha “IPhone 14 Pro” rusumli uyali telefoni, xorijga chiqish pasporti va 34 dona o‘ramdagi giyohvandlik vositasini garov tariqasida oladi. Pulni bermasa videotasvirni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, jinoiy javobgarlikka torttirish bilan qo‘rqitadi.
Buni qarangki, garchi o‘zi ham jinoyatchi bo‘lsa-da, M.Kopshin qonun ustuvorligiga ishonardi. Shu bois u Ibrat, Fathiddin va Rashidga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga murojaat qiladi.
Albatta, mazkur murojaat asosida 2024 yil 21 avgust kuni soat 21:30larda tezkor tadbir o‘tkaziladi. Ushbu jarayonda M.Kopshin avvaliga Mirzo Ulug‘bek tumanining Yuzrabot ko‘chasida joylashgan “Korzinka” supermarketi oldida F.Alixonov bilan uchrashadi. Fathiddin esa unga Qibray tumani Salar qo‘rg‘oni, “Farovon” mahallasi hududida joylashgan yong‘inga qarshi kurash bo‘limi yoniga borishini aytadi.
Xullas, Maksim belgilangan joyga yetib boradi. Birozdan so‘ng esa o‘sha manzilga “JENTRA” rusumli, davlat raqami echib qo‘yilgan avtomashinada I.G‘aybullayev ham keladi. Shunda u M.Kopshindan talab qilingan pul hisobidan 3000 AQSH dollarini olgan vaqtda ushlanadi. “Qahramon”larimizning tovlamachiligini Ibrat G‘aybullayevning avtomashinasidan topilgan Maksimning garovga olingan buyum va hujjatlari ham tasdiqlaydi. Binobarin, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Yaqinda mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqildi. Oqibatda sud I.G‘aybullayev va R.Do‘stmurodovni Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi, 165-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari, 227-moddasi 2-qismi “a” bandi, 271-moddasi 2-qismi “b,ye,j” bandlari, F.Alixonovni esa 28,164-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,165-moddasi 2-qismi “b,v” bandi bilan aybli deb topib, tegishli muddatlarga ozodlikdan mahrum etdi.
Afsuski, so‘nggi paytlarda bosqinchilik va tovlamachilik singari o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish toifasidagi jinoyatlar soni ortib bormoqda. Bu asosan I.G‘aybullayev kabi muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan ko‘proq sodir etilmoqda. Sudning qora kursisiga o‘tirgandan keyingi pushaymon esa dushmandan o‘zga narsa emas.
Dilnoza Holiqnazarova, jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirzo Ulug‘bek tuman sudining sudyasi.