Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tovlamachi hamqishloqning hiylasi uzoqqa cho‘zilmadi
16:24 / 2023-03-24

Qo‘qon shahrida yashovchi G.Jo‘raxonova (o‘zgartirilgan) asli qo‘shni Uchko‘prik tumanidan. Endigina 27 yoshga kirgan bo‘lsa-da, u bir muncha hoyu havasga o‘ch qiz bo‘lib ulg‘aygan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u mehnat qilmay pul topishni ma’qul ko‘rdi.

Ammo afsuski, tabiatidagi bu qusur uni tovlamachilikka yetakladi. Binobarin, G.Jo‘raxonova 2022 yilning iyun oyida o‘zining hamqishlog‘i, qurilish materiali ishlab chiqaruvchi tadbirkor Shohimardon O‘rolovga "qarmoq tashlaydi". Aniqrog‘i, Shohimardonning Telegram profiliga «Madina» ismi bilan aloqaga chiqadi. Uning asl maqsadidan bexabar yigit tezda "tuzoqqa ilinadi".  

Xullas, ko‘p o‘tmay, ularning gaplari "qovushib", xoli joyda uchrashadigan bo‘lishadi. Ya’ni «Madina» «oshig‘i»ni Qo‘qondagi ijara uyiga taklif etadi. Biroq Shohimardonga eski tanishi, voyaga yetmagan N.Sobirjonovani «Madina» sifatida ro‘baro‘ qiladi. O‘zi esa bilintirmay, xonaga yashirin kamera o‘rnatib, ularning ko‘ngilxushligini videoga olib muhrlaydi.  

Shundan so‘ng ustomon qiz Sh.O‘rolovdan tasvirni hech kimga oshkor qilmaslik evaziga pul talab qiladi. Aks holda esa ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib yuborishini aytib, qo‘rqitadi. Oqibatda 2022 yil iyun oyidan 19 avgustga qadar yigitdan 700 AQSH dollari miqdorida pul oladi. Shohimardon bilan uchrashmaslik va unga o‘zini tanitmaslik maqsadida 500 AQSH dollarini uyi yaqinidagi gaz qurilmasi ichiga qo‘yib ketishini tayinlaydi. Qolgan pullarni shar’iy turmush o‘rtog‘i H.Haydarovning plastik karta raqamiga tushirtiradi. Shunda u plastik karta egasining ism-familiyasini eslab qoladi Sh.O‘rolov. Lekin....  

Lekin Gulsanam bu bilan qanoatlanmaydi. Shu bois yigitdan yana 1000 AQSH dollari berishni talab qiladi. Bunday g‘irromlikni kutmagan jabrlanuvchi esa nima qilishini bilmay, boshi qotib qoladi. Oxiri o‘ylay-o‘ylay, hamqishloq do‘sti I.Dolimovga dardini aytadi. Uning gaplarini eshitgan zahotiyoq do‘stining xayoliga G.Jo‘raxonova keladi. Chunki uning ilgari ham tovlamachilik bilan shug‘ullanganini bilardi.  

– Qishlog‘imizdagi o‘sha qizni sen yaxshi taniysan. U avval shunday «shantaj»chi ekanligini aytishgan edi. Bir tekshirib ko‘rish kerak, –deydi I.Dolimov.  

Garchi u G.Jo‘raxonovani tekshirib ko‘rishni maslahat bersa-da, qizning ota uyiga o‘zi boradi. Onasini aldab-suldab, kuyovining ismi va qizining telefon raqamini bilib oladi. Keyin o‘sha raqamni do‘stiga yuboradi. Shohimardon o‘sha raqamni uyali telefoni xotirasiga saqlaganida esa «sir» oshkor bo‘ladi. Ya’ni «Madina» aslida o‘zining hamqishlog‘i G. ekanligi ayon bo‘ladi. Binobarin, Sh.O‘rolov yuqoridagi tovlamachilik xususida Qo‘qon shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qiladi.  

Oqibatda 2022 yil 19 avgust kuni kechki 21:00larda shaharning A.Navoiy dahasida Shohimardondan 400 AQSH dollari va 6.000.000 so‘m pullarni olayotgan vaqtda ushlanadi.  

Albatta, shundan keyin tovlamachi qizga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi esa uni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan aybdor, deb topib qonuniy jazoga mahkum etdi.  

Qobiljon ABDULLAEV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon

shahar sudining sudyasi