Tovarlar eksporti xajmi 2017 yilga nisbatan 12% oshdi
Markaziy bank 2018 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzini eʼlon qilgani haqida xabar bergan edik. Undan tovarlar eksporti boʻyicha ham maʼlumotlar oʻrin olgan
Markaziy bank 2018 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzini eʼlon qilgani haqida xabar bergan edik. Undan tovarlar eksporti boʻyicha ham maʼlumotlar oʻrin olgan.
2018 yil natijalariga koʻra tovarlar savdosi boʻyicha tashqi savdo aylanmasi, oltin savdosi va tuzatishlarni hisobga olgan holda, 29,6 mlrd. dollarni tashkil qildi. Eksport va import mos ravishda 11,4 mlrd. doll. va 18,3 mlrd. dollarni tashkil qildi. Natijada, toʻlov balansining salbiy saldosi 6,9 mlrd. dollarni tashkil qildi.
Tovarlar eksporti xajmi 2017 yilga nisbatan 12% oshdi. Oltin qiymatining oshishi (jami eksport xajmining 25,5%) uning oʻrtacha yillik narxining oʻsishi evaziga sodir boʻlgan. Neft-gaz mahsulotlarining eksport xajmi, hisoblangan oʻrtacha narxlari 2017 yilga nisbatan 35,5%ga, yetkazib berish xajmi 45,3%ga oshganligi evaziga, deyarli ikki barobarga oshdi.
Tovarlar eksportining choraklik oʻsish surʼati (oltin eksportini hisobga olmagan holda) 2018 yilning birinchi yarim yilligida 2017 yilning mos davriga nisbatan koʻproq boʻldi, yilning ikkinchi yarmida esa oʻsish maqbul surʼatda davom etdi. Tovarlar importi 2017 yilga nisbatan 47,5% ga oʻsdi. Bunda barcha choraklardagi importning oʻsish surʼati, 2017 yilning mos davriga nisbatan ikki barobardan koʻp boʻldi.
2016 – 18 yillar mobaynida eksport jami hajmining deyarli 80%i besh mamlakat hissasiga toʻgʻri keldi, undan 30-35% Shvetsariyaga (oltin).
Xom-ashyo tovarlari eksporti (oltin va gaz) eksportning 60-70%gacha tashkil qiladi. Bunda gaz eksportining asosiy ulushi Xitoy, Rossiya va Qozogʻistonga toʻgʻri kelmoqda.
Shu bilan birga, tovar importi boʻyicha bir qator tovar guruhlarida oʻsish kuzatildi. Shu jumladan “mashinalar, uskunalar, mexanizmlar” – 6,2 mlrd. dollarni (2017 yilda 3,7 mlrd dollar), “qimmatbaho boʻlmagan metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar” – 2,4 mlrd. dollarni (2017 yilda 1,7 mlrd. dollarni), “quruqlikdagi, suvdagi va havodagi transport vositalari” – 2,6 mlrd. dollarni (2017 yilda 1,3 mlrd. dollarni) tashkil qildi. Ushbu tovar guruhlari jami import hajmining 59% ni tashkil qildi (2017 yilda 52%).
Shuningdek Rossiya va Xitoydan import qilinadigan tovarlarning xajmi mutanosib ravishda 36%ga va 30%ga oshgan, ammo ularning umumiy hisobdagi ulushi kamayib, Rossiyaning ulushi 18,1%ni (2017 – yilda 19,5%ni), Xitoyning ulushi 19,9%ni (2017 – yilda 22,4% ni) tashkil qildi. Ushbu kamayish boshqa mamlakat-larning importdagi ulushi ortishi bilan bogʻliq. Xususan, Yaponiya ulushi 0,9%dan 4,4%gacha, Koreya Respublikasining ulushi esa 9,7%dan 11,2%gacha oshdi.