O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha kompleks monitoring barcha muhim mezonlar kesimida o‘sish kuzatilganini ko‘rsatmoqda.
Joriy yil yanvar oyi yakunlariga ko‘ra, soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,2 foizga o‘sib, barqaror ijobiy dinamikani namoyon etdi.
Tushumlar o‘sishining eng yuqori ko‘rsatkichlari Sirdaryo, Navoiy, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda o‘sish sur’atlari o‘rtacha qariyb 49 foizni tashkil etdi.
Jismoniy shaxslar daromad solig‘i tushumlari 15,1 foizga, mol-mulk solig‘i tushumlari 19,6 foizga hamda yer solig‘i tushumlari 20,3 foizga oshdi.
Bojxona to‘lovlari yillik hisobda 19,8 foizga o‘sdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Navoiy, Jizzax va Namangan viloyatlarida qayd etildi va o‘rtacha qariyb 67 foizni tashkil qildi.
Shuningdek, Samarqand viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham barqaror ijobiy dinamika kuzatilib, tushumlar o‘rtacha 31 foizga oshdi.
Tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlili yakunlariga ko‘ra, tovarlar eksporti 19,5 foizga oshdi. Eksport hajmining eng yuqori o‘sishi Toshkent va Navoiy viloyatlarida qayd etildi va o‘rtacha 47 foizni tashkil qildi.
Shu bilan birga, kreditlash hajmida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 2,7 foizga ko‘paydi. Eng yuqori o‘sish Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida qayd etilib, o‘rtacha 58 foizni tashkil etdi.
Xususiy sektorning faol rivojlanishi yangi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar sonining sezilarli ortgani bilan ham tasdiqlanmoqda. 2026-yil yanvar oyida 7 116 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yangi tadbirkorlik sub’ektlarining eng ko‘p qismi Toshkent shahrida (1 712 ta) qayd etildi. Hududlar orasida esa Toshkent viloyati (735 ta), Samarqand viloyati (610 ta) va Xorazm viloyati (550 ta) yetakchilik qildi.
O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 1,8 barobarga oshdi. Birja faolligi mamlakatning aksariyat hududlarida o‘sgani kuzatildi. Ayniqsa Sirdaryo viloyatida faollik 11,1 barobarga oshdi. Shuningdek, Xorazm, Surxondaryo, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida ham o‘sish qayd etilib, o‘rtacha 6,5 barobarni tashkil etdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA