Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tovar-xom ashyo birjasida avtoraqamlar sotuvi 71,2 foizga o‘sdi
17:54 / 2020-11-25

Milliy matbuot markazida «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ (O‘zRTXB) tomonidan “Elektron tijorat sohasida amalga oshirilgan yangi loyihalar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda birja tomonidan joriy yil elektron tijorat sohasida tatbiq etilgan yangi xizmat va ishlanmalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab sharoit va cheklovlarga qaramasdan 2020 yilning 10 oyida birjaning barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,4 foizga o‘sib, 43,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Bunda tuzilgan bitimlar hajmining 87 foizi birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlari, jumladan, ko‘rgazma-yarmarka savdolari, elektron davlat xaridlari, avtoraqam va mobil raqam onlayn auksionlariga to‘g‘ri kelgan.

Birjada elektron hujjat aylanmasi bo‘yicha exdoc.uz yangi xizmat turi ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Elektron hisob-faktura xizmatidan nafaqat birja savdo ishtirokchilari, balki boshqa korxona va tashkilotlar ham foydalanishlari mumkin.

10 oyda avtoraqam.uzex.uz veb saytida onlayn-auksionlar orqali 218,8 milliard so‘mlik 80,5 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqamlar sotildi, – dedi O‘zRTXB boshqaruv raisining IT va innovatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Zulfiddin Kamolov. – Avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 2,6 marotabaga, hajmi bo‘yicha 71,2 foizga o‘sdi. Shunga ko‘ra, tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,6 million so‘mni tashkil etgan. Bunda, sotilgan avtoraqamning eng past bahosi 450,5 ming so‘mni, eng qimmati esa 186,2 million so‘mni tashkil qildi.

Yaqinda “Avtoraqam” mobil ilovasi yangi ko‘rinishda ishga tushirilib, unga savdo ishtirokchisini onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish va avtoraqam bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish funksiyalari qo‘shildi. Kiritilgan yangiliklar foydalanuvchilar uchun mobil ilova yordamida birjaning avtoraqam onlayn-auksionlarida erkin ishtirok etish imkoniyatini to‘la taqdim etadi.

Shu bilan birga, joriy yilda birja "Mobiuz" va "Beeline" uyali aloqa operatorlari bilan talab yuqori bo‘lgan mobil raqamlarni birjaning mobilraqam.uzex.uz veb sayti orqali sotish bo‘yicha kelishuvlarni imzoladi.

Birja xizmatlari sifatini yaxshilash, mijozlar bilan samarali muloqotni o‘rnatish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri birja rahbari bilan bog‘lanish bo‘yicha @UzexMarkazBot va muammoli masalalarni tezkor hal qilish uchun @UZEXfeedbackbot Telegram-botlari ham ishlab turibdi.

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida korrupsiya holatlari bilan to‘qnashganligi yuzasidan anonim xabarlarni yuborish imkonini beruvchi @uzexanticorruptionbot anonim Telegram-boti ham ishga tushirildi. Bu esa mamlakatimizda korrupsiya xolatlarini oldini olishda kerakli imkoniyatlarni yaratmoqda.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA