Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Totuvlik va hamjihatlik – eng katta boyligimiz
19:08 / 2020-11-25

Qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik xalqimizga doimo xos fazilat.

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandlaridek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Mustaqillik arafasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun siyosiy, iqtisodiy vaziyatni izga solish bilan birga, millatlararo munosabatlarning barqaror tizimini yaratish, odamlarda ertangi kunga ishonch, bir-biriga nisbatan ahil-inoqlik, oqibat tuyg‘usini uyg‘otish zarur edi. Bu borada, birinchi navbatda, Vatanimizda yashayotgan turli millat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratildi.

Milliy siyosatni bevosita hayotga tatbiq etayotgan tashkilotlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hisoblanadi.

Ushbu Qo‘mita 2017 yil 19 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga binoan Respublika baynalmilal madaniyat markazi va O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida tashkil qilingan.

Bugun Qo‘mita «xalq diplomatiyasi» mexanizmidan faol foydalangan holda, tinch va farovon hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi hamyurtlar bilan yaqin va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Mustaqilligimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida barcha millat hamda elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarining hurmat qilinishi ta’minlanishi, ularning rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi belgilab qo‘yilgan. Binobarin, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, barcha fuqarolar bir xil huquq hamda erkinliklarga ega bo‘lib, qonun oldida tengdirlar.

Hozir yurtimizda 144 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatyapti. Ular mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millatlar qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va an’analari bardavomligini ta’minlash barobarida, yoshlarimizni o‘zga elatlar madaniyatini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, turli millat vakillariga munosib sharoitlar yaratib berishga muntazam ahamiyat ko‘rsatib kelinadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 15 noyabr kuni “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmon bilan millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Shuningdek, millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Konsepsiya inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik, totuvlik va tinchlikni saqlashga yo‘naltirilgan.

Xalqaro huquqda milliy ozchilik degan tushuncha bor. Lekin O‘zbekistonda bu ibora ishlatilmaydi. Chunki unda baribir oz sonli millatlarni kamsitish, xalqni ko‘pchilik va ozchilikka bo‘lish bor. Bizda esa O‘zbekiston fuqarolarining teng huquqliligi davlat tomonidan kafolatlangan. Bu esa mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikning, pirovardida, taraqqiyotning garovidir.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida fuqarolarning teng huquqliligi muhrlangan. Jumladan, uning 8-moddasida “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi” deb belgilab qo‘yilgan. “O‘zbekiston xalqi” tushunchasi esa mamlakatimizda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik uchun ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Ana shunday oqilona siyosat natijasida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millatga mansub fuqarolar jamiyatimiz ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy hayotida faol ishtirok etib, mustaqilligimizni mustahkamlash, davlatimizning buyuk kelajagini ta’minlash yo‘lida samarali mehnat qilmoqdalar. Ular O‘zbekistonni o‘z Vatani, taqdirlarini O‘zbekiston taqdiri bilan tutash, milliy madaniyatlari rivojini O‘zbekiston taraqqiyotining uzviy qismi deb bilmoqdalar.

Mamlakat aholisining ko‘p millatli bo‘lishi uning birligi va barqarorligiga raxna soladi, degan qarash azaldan mavjud. Agar jamiyatda turli millatga mansub kishilarning tengligi ta’minlanmasa, haq-huquqlari e’tirof etilmasa, tili, urf-odatlari kamsitilsa, millatlararo nizolar kelib chiqishi mumkin.

Istiqlolning ilk yillarida davlatimizda ishlab chiqilgan milliy siyosat asosini turli millatga mansub fuqarolarimizning teng huquqliligini ta’minlash, o‘qish va ishlashlari uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratish tashkil etadi. Bu siyosat barcha qonunlarimizda o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiyamizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari hurmat qilinishini ta’minlaydi. Ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi” deyilgan.

Respublikamizda ta’lim o‘zbek va qoraqalpoq tillaridan tashqari, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida ham olib boriladi. Ana shu tillarda ham o‘rta, ham oliy ta’lim olish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, ko‘pgina madaniyat markazlarida yakshanba maktablari ochilgan. Ularda ona tili va davlat tili, urf-odat va an’analar, madaniyat va san’at o‘rganiladi. Bunday mashg‘ulotlar xalq ta’limi bo‘limlari bilan kelishgan holda umumta’lim maktablarida yoki markazlarning o‘zida yakshanba kunlari tashkil qilinadi. bugungi kunda koreys madaniyat markazlari Assotsiatsiyasi, rus, arman, yahudiy, polyak, grek, gruzin, xitoy, tatar va boshqa markazlarda ana shunday maktablar muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

Shuningdek, gazeta va jurnallarning turli tillarda chop etilayotgani, maxsus radioeshittirishlarning efirga taralayotgani, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi orqali mamlakatimiz xalqlari tillaridagi ko‘rsatuvlarning muntazam ravishda namoyish etilishi, albatta, davlatimiz milliy siyosati insoniylikka, demokratiyaga asoslanganining yorqin ifodasidir.

Qo‘mitamiz tomonidan umumxalq bayramlariga bag‘ishlangan konsertlar va teatrlashtirilgan tomoshalar qatori milliy madaniy markazlar bilan birga turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib turiladi. Ular orasida konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, an’anaviy milliy bayramlar bor. Jumladan, ruslarning “Maslenitsa”, bolgarlarning “Martinitsa”, armanlarning gullar bayrami – “Vardavar”, polyaklarning hosil bayrami – “Dojinki”, koreyslarning “Ovol Tano”, tatar va boshqirdlarning “Sabantuy”, greklarning «Oxi» singari bayramlari muntazam nishonlanib kelinmoqda.

Davlatimiz milliy siyosatining amaldagi isboti sifatida pandemiya davrida, ko‘p millatli xalqimiz boshiga tushgan og‘ir damlarda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillarining yanada jipslashib, bir-birlariga qo‘ldan kelganicha ko‘rsatgan yordami yaqqol misol bo‘la oladi. Respublikamizda faoliyat olib borayotgan uyg‘ur, tojik, qirg‘iz, rus, nemis, polyak, qozoq va boshqa milliy madaniy markazlar tomonidan “Saxovat va ko‘mak umumxalq harakati” doirasida pandemiya tufayli qiyin moddiy va ma’naviy ahvolga tushib qolgan hamyurtlarimizga pul, oziq-ovqat, ro‘zg‘or buyumlaridan iborat homiylik yordami ko‘rsatib borildi.

Milliylik, milliy g‘urur, milliy iftixor degan tushunchalar bor. Ko‘pincha bu tushunchalarga baynalmilalchilik tuyg‘usini qarama-qarshi qo‘yishadi. Aslida, bu tushunchalar bir-biriga zid emas, aksincha, bir-birini to‘ldiradi. Sho‘rolar davrida milliy tuyg‘ular poymol qilindi, milliy g‘ururni o‘stiradigan barcha qadriyatlar taqiqlandi yoki yo‘q qilindi. “Millatchi” degan tamg‘a yuzlab ziyolilarimizning hayotiga zomin bo‘ldi. Bir necha avlod soxta baynalmilalchilik g‘oyalari ta’sirida ulg‘aydi. Aslida, haqiqiy baynalmilalchilik millatparvarlikdan, o‘z tilini va qadriyatlarini sevishdan boshlanadi.
 

Qrim-tatar xalqining atoqli farzandi, Ukraina Qahramoni, Qrim davlat industrial-pedagogika instituti rektori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Fevzi Yoqubov shunday deb yozadi: “Jahon sivilizatsiyasi yutuqlari haqida gapirganda, odatda Yunoniston va Italiyaning fanga, Angliya va Fransiyaning madaniyatga, Germaniya va Amerikaning texnikaga, Yaponiya va Shvetsiyaning texnologiyaga qo‘shgan hissasi tilga olinadi. Agar bu ro‘yxatni davom ettirib, ezgulik, tinchlik, yaqinlarga mehr-muhabbat tuyg‘ulari borasida gapiradigan bo‘lsak, albatta, birinchi qatorga O‘zbekistonni yozish zarur. Agar bu bebaho insoniy qadriyatlar masalasida xalqlar va mamlakatlarga baho beriladigan bo‘lsa, shubhasiz, eng yuksak bahoga o‘zbek xalqi va O‘zbekiston sazovor bo‘lar edi”.

Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Muxtasar aytganda, insoniyat uchun eng katta boylik tinchlikdir, uning manbai esa hamjihatlik. O‘zaro totuvlik va do‘stlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari barqaror go‘shadagina inson emin-erkin yashaydi, har qanday orzusiga erishadi.

Rustambek QURBONOV,

Millatlararo munosabatlar va xorijiy

mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi.

O‘zA