Poytaxtimizda nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlab nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari ishtirokida trening o‘tkazildi.
Tadbir BMTning aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tashabbusi va Global Disability Fund (BMT Nogironlar huquqlari bo‘yicha hamkorlik dasturi) tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni isloh qilish: nogironligi bo‘lgan bolalar, yoshlar, ayollar va erkaklar uchun inson huquqlariga asoslangan yondashuvni amalga oshirish” qo‘shma dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
[gallery-25194]
Trening tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning ijtimoiy xizmatlardan samarali foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun NNTlar salohiyatini oshirish maqsadiga qaratildi. Ishtirokchilar uch kun davomida gender va oilaviy zo‘ravonlik haqida bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish, nogironlik va gender zo‘ravonlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qilish, nogiron va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, xalqaro va milliy huquqiy-me’yoriy hujjatlar hamda mamlakatimizdagi xizmat ko‘rsatish tizimlarini o‘rganish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini ishlab chiqish, NNTlarning zo‘ravonlik holatlarini oldini olish va jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashdagi rolini muhokama qilish, hamkorlik tarmoqlari va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, NNT vakillari zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, jabrlanuvchilarni xizmatlarga yo‘naltirish, individual reabilitatsiya rejalarini ishlab chiqishga oid amaliy ko‘nikmani o‘zlashtirdi.
– Biz uchun muhim vazifa nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar uchun barcha to‘siqlarni yo‘qotish, - deydi UNFPAning mamlakatimizdagi doimiy vakili doktor Nigina Abaszade. – Zo‘ravonlikka qarshi kurashda NNTlar bilan birgalikda kutilgan natijaga erishishga ishonamiz.
Trening yakunida davlat muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Tashabbus nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ularning jamiyatdagi to‘liq ishtirokini ta’minlashga qaratilgan hamkorlik aloqalarining mustahkam poydevori sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.
Kamola Yusupova,
Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA