French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshloqda tomorqachilikda “Bir kontur – bir mahsulot” samarasi
14:41 / 2026-02-17

FOTOREPORTAJ

Ayni paytda Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida 30,7 mingdan ortiq xonadonda tomorqa mavjud bo‘lib, ekin maydoni 3 ming 248 gektarni tashkil etadi.

“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida tumandagi har bir mahalla muayyan ekin turiga ixtisoslashtirilgan va shu asosda iqtisodiy drayverlar belgilab olingan. Natijada tomorqalarda turli ko‘katlar, rediska, kartoshka, karam, pomidor, bodring, piyoz, sitrus mevalari, qulpunay va poliz mahsulotlari yetishtirishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.

So‘nggi yillarda ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga meva-sabzavot mahsulotlari hajmi, sifati va eksport salohiyati ortib bormoqda. Jumladan, Naymanbo‘ston mahallasida istiqomat qiluvchi Nurali Soipov xonadonidagi 7 sotixli issiqxonada har yili o‘rtacha 750–800 ming tup karam ko‘chati yetishtirilib, sotish orqali 400 million so‘mga yaqin daromad olinadi. Ayni paytda issiqxonada 20 xil navga mansub 300 mingdan ortiq karam ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Bu jarayon boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin ekish davrigacha davom etadi va issiqxonada ikki-uch marta hosil olish imkonini beradi.

Xo‘jaariq mahallasida yashovchi Farhod Matkarimov zamonaviy issiqxonada Janubiy Koreya tajribasi asosida yil davomida qulpunay yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, xonadonda achchiq qalampir, pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri ko‘chatlari tayyorlanib, buyurtma asosida tuman aholisiga yetkazib berilmoqda. Oila a’zolari har yili qulpunay yetishtirish orqali 120–150 million so‘m daromad topmoqda.

[gallery-27701]

Arabmozor mahallasida ham dehqonchilik asosiy iqtisodiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Hozirda mahallada 750 dan ortiq xonadon tomorqasidagi issiqxonalarda turli sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. Ilhomjon Madg‘oziyevlar oilasi issiqxonasida asosan limon parvarishlanadi. Shu bilan birga, o‘tgan yildan tomorqaning bo‘sh yer maydonida istiqbolli loyiha sifatida bedanachilik yo‘lga qo‘yildi. Hozirda yapon zotiga mansub 6 ming bedana parvarishlanib, shundan 4,5 mingtasi kunlik tuxum bermoqda. Bu faoliyat orqali oila oyiga o‘rtacha 54–55 million so‘m daromad oladi.

Toshloq tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi mutaxassislari joriy yil uchun har bir mahalla kesimida ishlab chiqilgan mikroloyihalar ijrosini ta’minlash maqsadida hokim yordamchilari bilan hamkorlikda amaliy chora-tadbirlarni izchil amalga oshirmoqda. Shuningdek, ilg‘or tomorqachilarga imtiyozli bank kreditlari, subsidiya va ssuda mablag‘lari ajratish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilmoqda.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA