Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshloqda eski uylar o‘rnida ko‘pqavatli turarjoylar qurilmoqda
19:00 / 2025-05-21

Kechagina Toshkentning qoq markazida joylashgan O‘qchi mahallasidagi pastqam uylar, ilon izi ko‘chalar buzila boshlagan edi. O‘shanda uning o‘rnida bugungidek hashamatli osmono‘par binolar barpo bo‘lishini ko‘plar o‘ylamagan. Lekin shunday bo‘ldi.

Bu voqelik aslida mamlakat uchun tajriba, ulkan tashabbusning boshlanishi ekan. Davlat rahbari shu yil boshida ma’nan eskirgan 1-3 qavatli binolar o‘rnida qo‘pqavatli uy-joylar barpo etish taklifini olg‘a surdi. O‘shandayoq aholi soni kundan-kun ortib borayotgan Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida harakatga tushib qolishdi.

– Muhtaram Prezidentimiz ma’nan eskirgan 2-3 qavatli uylar o‘rnida 9, 12, 16 qavatli zamonaviy loyihadagi barcha qulayliklarga ega uylar qurish haqida farmon imzoladilar, – deydi Toshloq tumani hokimining o‘rinbosari Avazbek Dehqonov. – 2025-2026 yillari Toshloq tumanida 5 ta shunday ko‘p qavatli uylarni quramiz. 

Shu yilning o‘zida bunday ko‘pqavatli uylarning ikkitasi qad rostlay boshladi. Bundan aholining quvonchi cheksiz. Negaki: 

– Avvallari bitta 2 qavatli uyda 12 ta xonadon bo‘lar edi. Hatto sanitariya xonalari ham tashqarida bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytsa, sharoiti yaxshi emasdi. Hozirgi kunda aynan 12 ta xonadon bo‘lgan maydonda 86 ta kvartirali ko‘p qavatli ularni joylashtirmoqdamiz, – deydi Avazbek Dehqonov.

O‘zbekistonda qurilish sanoati tez rivojlanib ketdi. Endi energiyatejamkor qurilish materiallaridan foydalanish, o‘z-o‘zini elektr energiyasi bilan ta’minlash majburiy me’yorga aylandi.

– Devorlar gazoblokdan bo‘lmoqda. Uy tomi yuz foiz quyosh paneli bilan qoplanadi. Binoning to‘rt tomonidagi devorlariga bazalt qoplanmoqda, – deydi qurilish ish yurituvchisi Husniddin Boltaboyev. – Bu esa uylarni yozda issiq, qishda sovuqdan himoyalaydi. Maqsadimiz aholiga eng qulay va zamonaviy loyihadagi uy-joy qurishdir.

Yangi uy-joy, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilgani yaxshi, albatta. Ammo loyihada yashil maydon, bolalar o‘yingohlari ham inobatga olingan.

– Shu bilan birga uy oldi va atrofida zamon talablariga mos bolalar o‘yingohi, yerosti avtoturarjoylar barpo etilmoqda, – deydi hokim o‘rinbosari. – Uy egallagan maydonga nisbatan uning atrofidagi 60 foiz maydon ko‘kalamzorlashtiriladi. Bu esa ekologik holatni yaxshilaydi, aholiga toza havodan nafas olish imkonini beradi.

Toshloqdagi qolgan ikki qavatli uylar aholisi bilan bu uylar o‘rnida ko‘p qavatli yangi binolar qurish masalasi muhokama qilinmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1mgYJM9r8xA" title="Toshloqda eski uylar o‘rnida ko‘pqavatli turarjoylar qurilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat,video), O‘zA muxbirlari