Yurtimizda tabiiy gazdan qonuniy foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida yana bir qonunbuzarlik holati qayd etildi.
Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida o‘tkazilgan tekshiruvda “Turvat” sanoat tarmog‘idan gaz oluvchi “N. I. B.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH)da noqonuniy faoliyat aniqlandi.
Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida o‘lchov tizimi qurilmalariga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani ma’lum bo‘lib, bu orqali gaz iste’molida hujjatlashtirilmagan holatlar kuzatilgan. Natijada 2 milliard 901 million so‘mlik zarar hisoblab chiqilib, holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi va hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
“Hududgazta’minot” axborot xizmatiga ko‘ra, bunday holatlar tabiiy boyliklardan oqilona va adolatli foydalanish, energiya resurslarining samarali boshqarilishiga putur yetkazadi. Shu boisdan ham mazkur qonunbuzarliklarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari muntazam ravishda davom ettiriladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA