Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshloq – viloyatning yirik sanoat markazlaridan biriga aylandi (+video)
19:32 / 2023-02-21

Bundan besh-olti yil avval Toshloq tumanini dotatsiyadan chiqarish kun tartibida edi. O‘tgan qisqa vaqt ichida, aniqrog‘i so‘nggi ikki yilda tuman viloyatning yirik sanoat markazlaridan biriga aylandi. Asosiy sabab tadbirkorlikdagi keskin yuksalish bo‘ldi. Hozir Toshloqda 7 ta sanoat zonasi bo‘lib, ularga qiymati 4,4 trillion so‘mga teng 76 ta sanoat korxonalari joylashtirildi. Tumanning umumiy ko‘rsatkichlarini qo‘ya turaylik.

– Birgina sanoat ishlab chiqarish hajmi 2022 yilda 3 trillion 172 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu 2021 yilga nisbatan 110 foiz demakdir, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari Otabek Ahmedov. – 2023 yilda esa uni 4 trillion 300 milliard so‘mga olib chiqishni rejalashtirganmiz. Bu qariyb 123 foiz o‘sish degani.  

O‘tgan yilning o‘zida tumanda yangi tashkil etilgan korxonalar hisobidan 3 ming 400 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shulardan biri Zarkent qishlog‘idagi “SMShD” tikuvchilik korxonasidir. 9,4 milliard so‘m va 300 ming dollar kredit evaziga tugal, zamonaviy ishlab chiqarish paydo bo‘ldi.  

Trikotaj mahsulotlari bozoriga kirish murakkab jarayon. Bunda avvalo sifat ko‘rsatkichi birlamchi o‘rinda turadi. Sifat esa zamonaviy dastgohlarga ham bog‘liq. Matoni bichishdan tortib xaridorga jo‘natguncha 7 bor nazoratchi qo‘liga tushar ekan.  

Texnik jihozning o‘zi ham sifat masalasini hal qilolmaydi. Endi malakali mohir qo‘llar kerak. Tadbirkor atrof mahalla, qishloqlardan ayollarni ishga qabul qilib ularni o‘qitdi, turdosh korxonalarda malakasini oshirdi. Bejirim tikilgan, choki nozik, tanaga yarashuvchi mahsulotlarni Toshloqning qishloq qiz-ayollari tikmoqda. Ulardan biri Malohatxon Ho‘janazarova.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/j4NKlCCCiVc" title="Toshloq – viloyatning yirik sanoat markazlaridan biriga aylandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

–Bizning qishloqda shunaqa korxonalar yo‘qligi uchun Farg‘onaga borib 25 yil ishladim. Oilamizdan kelinim, jiyanlarim, shu korxonada ishlaymiz, – deydi u. – Oyliklari yaxshi, transport bilan ta’minlangan, bepul tushlik beriladi.  

Bu, Toshloq tumanidagi to‘qimachilik-trikotaj korxonalarining biri xolos. Ammo u ham tumandagi eksportchilar ro‘yxatining dastlabki o‘nligidan joy olgan.  

– Mahsulotimiz 100 foiz eksportga yo‘naltirilgan. Masalan, o‘tgan yili 520 ming dollarlik eksport qilganmiz, – deydi korxona ish yurituvchisi Alisher Qo‘chqorov. – Bu yil eksport hajmini ikki barobarga oshirmoqchimiz.  

Boya Malohatxon aytganidek, qishloqlarda bu kabi korxonalar ko‘paygani sababli tadbirkorda kutilmagan, aytish mumkinki, ilgari uchramagan muammo paydo bo‘ldi.  

– 500 ta ish o‘rni bor. Hozirda 200 ga yaqini xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan. Bizda yana 200-300 ta ishchi o‘rni bo‘sh turibdi. Tikuvchilar kerak, – dedi Alisher Qo‘chqorov.  

Masalaga yechim izlab ishboshilar avvalo shart-sharoitni yanada qulaylashtirdi. Ishchilar farzandi uchun qo‘shni bog‘chalardan joy olishdi, bepul ovqat, borib-kelish transporti, munosib ish haqi...Endi qo‘shni tumanlardan ishchilar jalb qilishmoqchi.  

Birgina “SMShD” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 300 nafar ishchi kerak!  

2023 yilda Toshloq tumani sanoati yanada o‘sishi kutilmoqda.  

–56 ta loyiha shakllantirganmiz. Qariyb 7000 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. Tumanda sanoat yo‘nalishida 2022 yil 75 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, 2023 yilga 199 million dollar o‘zlashtirish rejalashtirilgan, – dedi hokim o‘rinbosari Otabek Ahmedov. –2022 yilda 89 million dollarlik sanoat mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, 2023 yilda 133 million dollarga yetkazamiz.  

Toshloqlik tadbirkor o‘zi ishlab chiqargan sanoat mahsuloti bilan qanday qilib Toshkent ulgurji bozorlarini egalladi, bu haqida ikkinchi video-maqolamizda hikoya qilamiz.  

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video)

O‘zA