Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshloq tumanida yangi “IT -shaharcha” ish boshladi
12:14 / 2025-07-09

Har qanday mamlakatning kelajagi uning yoshlariga, ilm-fanga va texnologiyaga qanday e’tibor qaratilishi bilan belgilanadi. Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot sari intiluvchi yurtda IT sohasini har bir hududga olib kirish — innovatsion taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir.

Prezidentimizning 2024 yil 15 maydagi “Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq har bir viloyatda 1 tadan “IT -shaharcha”larni tashkil etish belgilangan.

Joriy yilning 8 iyul kuni Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tashkil etilgan “IT-shaharcha” majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

“IT-shaharcha” binosi 2 qavatli va 20 ta xonadan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 200 nafar yoshni o‘qitish imkoniyatiga ega.

Majmua bugungi zamon talablari asosida barpo etilgan bo‘lib, unda yoshlarni IT sohasidagi o‘quv kurslar va xorijiy tillar yo‘nalishlarida ta’lim olishi va kasb egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Ushbu ob’ektda “Startap-Garage”, kovorking zona, frilanserlar uchun joylar, konferens zal, shu jumladan, dasturlash, robototexnika, 3D grafika, Grafik dizayn, SMM hamda zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga o‘rgatish markazlari mavjud.

Vazir va viloyat hokimi tomonidan “IT-shaharcha” majmuasida bugungi davr talablari asosida yoshlarga zamonaviy kasblarni va xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha takliflar bildirib o‘tildi.

Qayd etish lozimki, 2024 yilda viloyatda axborotlashtirish xizmatlari hajmi 587 milliard so‘mga yetgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 115 foizlik o‘sishni tashkil qilgan. Kompyuter dasturlash xizmatlari hajmi esa 104 milliard so‘m bo‘lib, 99,7 foiz o‘sish kuzatilgan. IT Park rezidentlarining soni 80 tadan 106 taga, ish o‘rinlari esa 797 nafardan 1 397 nafarga ko‘paygan.

Ayni paytda rezident korxonalarning 24 tasi IT eksport, 33 tasi raqamli ta’lim, 46 tasi mahalliy bozorga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 112,4 milliard so‘mdan oshgan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida hozirgacha 28 mingga yaqin yoshlar IT  sohasida ta’lim olgan.

Bu loyiha yoshlar uchun yangi bilim, yangi kasb va xalqaro IT bozoriga chiqish imkoniyatini yaratadi. Tog‘ bag‘rida zamonaviy texnologiyalar gullab-yashnashi — bu faqatgina markaziy shaharlarda emas, balki chekka tumanlarda ham IT salohiyatini ro‘yobga chiqarish mumkinligini isbotlamoqda.

Nigora Rahmonova, O‘zA