Namanganda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida joriy etilgan "Yosh kitobxon oila" tanlovining respublika final bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlovning hal qiluvchi bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va poytaxtimizdan saralangan, 30 yoshgacha bo‘lgan 14 juft oila vakillari qatnashdi.
E’tirof etish joizki, mazkur loyiha yosh oilalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, har bir oila a’zosini kitob mutolaasiga keng jalb etish, ular o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat, odob-axloq fazilatlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Bunga tanlovning yangi mavsumida mamlakatimiz bo‘ylab 97 mingga yaqin 30 yoshgacha yosh oilalar ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgani yaqqol misol.
Shahar, tuman hamda hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, yakuniy teletanlov shaklidagi uchinchi bosqichga yetib kelgan yosh oilalar uchta shart asosida kitobxonlik salohiyatini namoyon etdilar. Dastavval “Mutolaa” loyihasi asosida taqdim qilingan muayyan asardagi syujetga oid epizod o‘qib eshittirildi. Ishtirokchilar esa, ushbu asar nomini topgan holda, uning mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini sharhlashga intildi. Keyingi “Insho yozish” sinovida tanlangan biror mavzu yuzasidan yosh oilalar o‘z fikrini yozma ravishda bayon etdi. Bunda mavzuning mazmunini ochib berish, imlo va uslubiy qoidalarga rioya etilganiga e’tibor qaratildi. “Tezkor savol-jaoblar”da esa, ekspertlar komissiyasi tomonidan tavsiya qilingan ilmiy-ommabop asarlardan tuzilgan beshta savolga javob qaytarildi.
Respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, “Ma’rifat” gazetasi tahririyati mas’ul xodimlaridan iborat hakamlar hay’ati ishtirokchilarning har bir shart bo‘yicha chiqishlari, aqliy tafakkurini sinchkovlik bilan kuzatib, munosib baholab bordi.
– Yoshim 28da, uch yildan buyon ichki ishlar tizimida faoliyat yuritib kelaman. Ayolim o‘qituvchi, yosh oila bo‘lganimiz sababli hozir bolalarimiz parvarishi va tarbiyasi bilan band. Oilada kitob va kitobxonlik nechog‘lik zaruriy ahamiyatga ega ekanligini tanlovda ishtirok etish jarayonlarida chuqur anglab yetdik, – deydi tanlovning Farg‘ona viloyatidan kelgan qatnashchisi, Qo‘qon shahridagi Sobir Abdulla nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktik inspektori Shukurjon To‘lqinov. – Shu boisdan ham so‘nggi ikki yil mobaynida umr yo‘ldoshim bilan birga 200ga yaqin badiiy asarlarni mutolaa qildik. Shuni tushunyapmizki, kitob orqali kelin-kuyov bir-birini so‘zsiz idrok qila boshlaydi. Oilada ahillikni mustahkamlash, farzandlar ta’lim-tarbiyasida aynan kitobning roli beqiyos. Taassufki, aksariyat oilalarda uyali telefon atalmish “mitti matox” asosiy “ovunchoq”qa aylanib ulgurdi. Bolalar, hatto kattalar ham bebaho ne’mat – umrni behuda o‘tkazmoqda. Bunday shiddatli bir davrda kitob orqali inson najotga, ilmu ma’rifatga yetishishi muqarrar.
[gallery-28063]
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi Quyosh mahallasida yashovchi Javohir va Svetlanadan iborat Eshonqulovlar oilasi eng yuqori ball jamg‘arib, "Yosh kitobxon oila" tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “BYD Chazor” elektromobili bilan taqdirlandi. Toshkent shahrining Sergeli tumani O‘zgarish mahallasidan Ismoil va Mohichehra Sattorovlar oilasi faxrli ikkinchi o‘rin va 50 million so‘m hamda Andijon viloyatining Buloqboshi tumani Ko‘prikboshi mahallasidan Ne’matullo va Mushtariybonu Muhammadjonovlar oilasi faxrli uchinchi o‘rin va 30 million so‘m, tanlovning qolgan ishtirokchilari esa 10 million so‘mdan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Tantanali taqdirlash marosimida qatnashgan Yoshlar ishlari agentligi direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Alisher Sa’dullayev “Yosh kitobxon oila”, “Zukko kitobxon” kabi tanlovlar aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ilmga chanqoq o‘g‘il-qizlar va oilalar safini ko‘paytirish hamda ularni munosib rag‘batlantirishga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA