Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 26 yanvar kuni poytaxtimizda Osiyo sporti uchun yilning eng muhim voqealaridan biri — Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Qit’amizning 45 mamlakatidan Milliy Olimpiya qo‘mitalari va xalqaro sport ekspertlari ishtirokida o‘tkaziladigan ushbu nufuzli anjuman Yangi O‘zbekistonning yirik xalqaro tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish va o‘tkazish salohiyatini yana bir bor namoyon etadi.
Ayni damda esa Toshkentga ushbu yirik sport tadbirida ishtirok etish uchun turli davlatlardan martabali mehmonlar tashrifi davom etmoqda. Jumladan, bu galgi Assambleyaning faxriy mehmonlaridan biri — Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (ANOC) raisi birinchi o‘rinbosari, Qatar Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy poytaxtimizga yetib keldi.

Uni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati kutib oldi. Shuni ta’kidlash lozimki, Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi doirasida tashkilot rahbarligi uchun o‘tkaziladigan saylovda yagona nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Rossiya sport vaziri Degtyaryov Mixail Vladimirovich boshchiligidagi delegatsiya ham yurtimizga kelgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA