Toshkentdan haftasiga bir marta, yakshanba kunlari Sharm-Ash-Shayxga havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yo‘lovchilar 190 oddiy va 12 biznes toifali o‘rindiqqa ega “321neo” samolyotida manzilga yetkaziladi.
Kecha Toshkent xalqaro aeroportida “Centrum Air” aviakompaniyasining Toshkent – Sharm Ash-Shayx yo‘nalishining ochilishi munosabati bilan tadbir tashkil qilindi.
Marosimda Turizm qo‘mitasi, “Centrum Air”, yangi avlod turoperatori – “Centrum Holidays”, “Easybooking” kompaniyalari vakillari, yo‘lovchilar ishtirok etdi.
– O‘zbekiston aviatsiyasida yana bir yangilik bo‘lgan Sharm-Ash-Shayxga reys qo‘yilishi parvoz geografiyasini kengaytirish va turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi, – dedi “Centrum Holidays” bosh direktori Jahongir Isroilov. – Biz Misrdagi mashhur sayyohlik maskanini yo‘lovchilar uchun yanada yaqinlashtirishga tayyormiz. Shu maqsadda kurort shaharchaga sayohatni boshladik.
Darvoqe, birinchi parvoz 100 foizlik to‘liq tarkib bilan amalga oshirildi.
Havo orqali yo‘lovchi va yuk tashuviga ixtisoslashgan xususiy aviakompaniya – “Centrum Air” 2023 yil 18 yanvarda respublikamiz aholisi uchun parvoz sifatini yaxshilashga qaratilgan hukumat tashabbusi doirasida tashkil etilgan. Mahalliy va xorijiy yo‘nalishlarda muntazam va charter reyslarni amalga oshiradigan mazkur aviakompaniya shu yil mart oyidan boshlab yo‘lovchilarni “Airbus A320-200”, “Airbus A321neo”, “Boing 737-800” samolyotlarida Toshkentni Batumi, Doha, Dubay, Tbilisi, Sankt- Peterburg, Samarqand, Urganch shaharlari bilan bog‘lamoqda.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA