So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mavjud yo‘llarni ta’mirlash va yangi yo‘nalishlarni barpo etish borasida qator muhim qarorlar va farmonlar qabul qilinmoqda.
Bu islohotlar natijasida yurtimizning barcha hududlari, xususan, chekka tuman va qishloqlarda ham yo‘l tarmoqlari izchil ravishda yangilanmoqda.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi umumfoydalanuv avtomobil yo‘llarida olib borilayotgan ta’mirlash va qurish ishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi geografik va iqlimiy jihatdan murakkab bo‘lishiga qaramay, so‘nggi yillarda bu yerda ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmani yaxshilash, transport yo‘llarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha qator amaliy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Hududiy loyihalarning amaliy ifodasi sifatida Kegayli tumanida olib borilayotgan yo‘lsozlik ishlari e’tiborga loyiq. Jumladan, D234 (4R176) “Nukus–Chimboy–Taxtako‘pir” avtomobil yo‘lining 35–36-kilometr oralig‘ida asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Beruniy TYFDM tomonidan tashkil etilgan ushbu ta’mirlash ishlariga 10 ta maxsus texnika, 17 nafar ishchi jalb qilingan. Ta’mirlash ishlari yuqori texnologik talablar asosida olib borilmoqda. Qurilish ishlari nihoyasiga yetgach, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati sezilarli darajada oshadi, transport oqimi silliqlashadi, yo‘lovchilarning xavfsizligi ta’minlanadi va mahalliy iqtisodiy faollik uchun qulay sharoit yaratiladi.

Arnasoy tumanida Aydar-Arnasoy turizm markazi barpo etilishi munosabati bilan bu yerda aeroport qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Zomin tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan ob’ektda 300 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi, ob’ektga zarur bo‘ladigan 1200 metr kub qum-shag‘al aralashmasi maxsus avtotransport vositalari yordamida tashib keltirilib, zaxira yaratildi. Jarayonlarga 100 ga yaqin mashina-mexanizm hamda 120 nafar ishchi va mexanizator jalb qilingan.
Bundan tashqari, D012 "Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorvoq qo‘rg‘oni" avtomobil yo‘lining 26,3-kilometrida temir yo‘l ustidan o‘tuvchi yo‘l o‘tkazgich va uzunligi 900,2 metrlik yo‘l qurilib, foydalanishga topshirilish arafasida.

Shuningdek, Toshkentdan Chorvoqqacha bo‘lgan masofada yangi avtomobil yo‘lini barpo etish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha Toshkent viloyati hamda Toshkent va Sirdaryo viloyatlarini qamrab olgan «Chorvoq-Chimyon» rekreatsion hududiga qatnovni yaxshilash maqsadida amalga oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘l qurilishi konsepsiyasi allaqachon ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha tanlov asosida yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari doirasida bajariladi. Mavjud yo‘lga tegmagan holda yangi Toshkent — Chorvoq avtomobil yo‘li qurilishi ham boshlab yuboriladi.

Buxoro tumanida barpo etilayotgan yangi xalqaro aeroport hozirda foydalanib kelinayotgan aeroportdan uch baravar ko‘p quvvatga ega yangi zamonaviy xalqaro aeroport bo‘lishi maqsad qilingan. Davlat-xususiy sherikligi asosida umumiy qiymati 226 million AQSH dollariga teng bo‘lgan ushbu yirik loyiha doirasida jahon standartlariga mos zamonaviy aeroport tashkil etiladi. Xizmat ko‘rsatish terminali orqali soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchini kuzatib-kutib oladigan mazkur aeroport Buxoro shahrining ham o‘ziga xos ko‘rki bo‘lishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA