Toshkentdagi “Sejong Hakdang” markazi koreys tili boʻyicha malakali gidlar tayyorlaydi
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikda koreys tilida malakali gidlarni tayyorlashga doir memorandumni imzolashga kelishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berishicha, Oʻzbekiston Respublikasi gidlar uyushmasi raisi Nargiza Salomova “Sejong Hakdang” koreys tili markazi direktori janob Xo Song Xeng bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikda koreys tilida malakali gidlarni tayyorlashga doir memorandumni imzolashga kelishdi.
“Sejong Hakdang” Qirol Sejong institutining Toshkentdagi filiali (dunyo boʻyicha 250 ta filiali bor) boʻlib, 1997-yilda ochilgan taniqli koreys tili maktabidir. Toshkentdagi ushbu taʼlim muassasasida malakali oʻqituvchilar koreys tilidan dars beradi. Maktab bitiruvchilari kelajakda hech qanday muammosiz tarjimon boʻlib ishlashi mumkin. Bu tilda dunyo boʻyicha 60 milliondan ortiq kishi soʻzlashadi.
“Sejong Hakdang”ning asosiy maqsadi nafaqat koreys tilida, balki koreys madaniyatida ham kasbiy tayyorgarlikni taʼminlashdir. Koreys millatiga mansub maktab oʻqituvchilari oʻquv jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradigan maxsus oʻqitish usullarini ishlab chiqdi.
Markazda mashgʻulotlardan tashqari turli festival va musobaqalar, shuningdek, Janubiy Koreyada nishonlanadigan anʼanaviy tadbirlar ham oʻtkaziladi.