Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan 21-sonli Mehribonlik uyi bilan bog‘liq har xil fikrlar bildirilmoqda.
Aslida nima bo‘lgan? Bolalar qanday talab bilan chiqishdi?
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova mazkur vaziyatni o‘rgandi va voqea yuzasidan munosabat bildirdi.
– Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilar ishtirokida g‘ayrioddiy voqea sodir bo‘ldi, – deydi Aliya Yunusova. – Bolalar muassasa hovlisiga to‘planib, noroziligini ko‘rsatgan. Ochig‘i, bu Mehribonlik uyi rahbariyati tomonidan mavjud ichki muammolardan boshqalarni chalg‘itish maqsadida uyushtirilgan “ssenariy” ekaniga shubha yo‘q. Sir emas, bu muassasada bolalarning huquq va erkinliklari, manfaatlarining buzilishi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yuz beryapti. Aynan shundan e’tiborni chalg‘itish maqsadida tashkil etilgan “rejali tadbir”da bolalardan foydalanilgani juda achinarli.
Bo‘lib o‘tgan voqea vakolatli organlar tomonidan o‘rganiladi, albatta.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil barcha bolalarning manfaatlarini himoya qiladi. Bolalar ombudsmanining asosiy vazifasi bolaning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bolalar ombudsmani o‘z tashabbusi bilan bola huquqlarining buzilishi, ayniqsa bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida o‘zi olgan yoki ommaviy axborot vositalarida yoki ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan har qanday ma’lumotni tekshirishga haqli.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova joriy yil 19 aprel kuni Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan birining ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganligi haqida ma’lumot olgan. 20 aprel kuni Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasiga tashrif chog‘ida bu ma’lumot tasdiqlangan.
– Tarbiyalanuvchini haqiqatan ham tez yordam brigadasi olib kelgan, lekin negadir Mehribonlik uyi vakili hamrohligisiz, –dedi A.Yunusova. – Tarbiyalanuvchilarning tibbiyot muassasasiga joylashtirishning bir qancha holatlari bo‘yicha ma’lumotlar olindi. Mehribonlik uyidan bolaning qochib ketishi, uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tushishi bolaning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani yuzasidan rahbariyat bilan suhbatlashdik. Bolalarni qo‘rqitish va ularga nodo‘stona munosabatda bo‘lish, shuningdek, noqonuniy tarbiya usullaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik va bolaning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik mavjudligi ta’kidlandi. Mehribonlik uyi ma’muriyati esa “Eng yaxshi himoya usuli – bu hujum” tamoyiliga amal qildi.
Xabaringiz bor, bundan sal oldin, ya’ni joriy yil fevral oyida mazkur Mehribonlik uyida bolaga zo‘ravonlik qilingani aniqlangan edi. (https://uza.uz/uz/posts/mehribonlik-uyida-bolaga-zoravonlik-qilingani-aniqlandi_345779)
Bu voqealardan Mehribonlik uyi o‘z nomiga mos emas, aksincha faoliyat yurityaptimi, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Mutasaddilar muassasadagi vaziyat, muhitni chuqur o‘rganib, asl holat haqida jamoatchilikka ma’lumot beradi, degan umiddamiz.
N.Abduraimova, O‘zA