Bugun Milliy matbuot markazida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida "Sanoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan nazorat-profilaktika tadbirlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarma boshlig‘i Olimjon Jo‘rayev so‘zga chiqib, tashkilot tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan sanoat xavfsizligini ta’minlashda Toshkent shahrida qurilish sohasida foydalanilayotgan kranlar, kimyoviy zaharli moddalar saqlovchi omborxonalar, attraksionlarni mavsumga tayyorlash va liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyalarda nazorat-profilaktika tadbirlari tizimli ravishda tashkil etilgan.
Olimjon Jo‘rayev ma’lum qilganidek, Toshkent shahar hududiy boshqarmasi yil boshidan buyon 121 ta nazorat tadbiri, 10 381 ta profilaktika tadbiri hamda 2 755 ta korxona xodimlarining bilim sinovlarini o‘tkazdi. Unda 1 145 ta qonun talablari buzilishi aniqlandi. Mazkur holatlarga yo‘l qo‘ygan 135 nafar shaxsga ma’muriy jazo choralari qo‘llandi.
[gallery-26154]
– Joriy yilning 8 sentyabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida “Do'mbirobod City” turar joy qurilish ob’ektida “Omega Agro Stroy” MCHJ qarashli kran montaj ishlari texnik talablarga rioya qilinmasdan o‘rnatilgani sababli qulab tushishi natijasida guruhiy baxtsiz hodisa sodir bo‘lib, bitta o‘lim qayd etilgan va 2 ta og‘ir jarohatlanish ro‘y bergan. Vakolatli organ tomonidan maxsus tekshiruv komissiyasi tomonidan o‘lim bilan tugagan guruhiy baxtsiz hodisa o‘rganildi. Kelgusida shunga o‘xshagan holatlarning oldini olish maqsadida boshqarmamiz tegishli choralarni amalga oshirdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida o‘rnatilgan 74 ta kran rasmiy tartibda qo‘mitadan ruxsatnoma olgan holda foydalanilmoqda. Shuningdek, poytaxtimizda jami 205 ta xavfli ishlab chiqarish ob’ektiga kiruvchi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari ham tekshirildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 41 ta xavfli ishlab chiqarish ob’ekti identifikatsiya qilinmagan, 78 tasida sanoat xavfsizligi bo‘yicha loyiha hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmagan, 147 ta texnik qurilmalar bo‘yicha sanoat xavfsizligi ekspertiza xulosasi mavjud emas, 21 ta ob’ekt davlat reyestriga kiritilmagan va 129 tasida texnogen xavfi yuqori bo‘lgan zonalarning davlat kadastr pasporti ishlab chiqilmaganligi aniqlandi. Mazkur xatlov natijalarida aniqlangan kamchiliklarni yil yakuniga qadar bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda, – dedi O.Jo‘rayev.
Matbuot anjumanida Toshkent shahridagi barcha 17 ta madaniyat va istirohat bog‘lari hamda ko‘ngilochar maskanlarda o‘rnatilgan 263 ta attraksionning sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi talablariga rioya etilishi holati o‘rganilgani ta’kidlandi. Unga asosan hududdagi attraksionlarning 45 tasida texnik pasporti mavjud emasligi, 23 tasida attraksionlarga soz holatda xizmat ko‘rsatish va xavfsiz foydalanish uchun mas’ul shaxs tayinlanmagani hamda 39 ta attraksion mavsum oldidan beriladigan ruxsatnomalarsiz noqonuniy faoliyat olib borayotgani qayd etildi va ularning faoliyatiga yo‘l qo‘yilmadi.
Xavfsizlik qoidalari va talablariga mos kelmagan 18 ta attraksion faoliyati o‘rnatilgan tartibda, kamchiliklar bartaraf etilguncha vaqtinchalik elektr tarmog‘idan uzildi. Shuningdek, qo‘l bilan o‘rnatilgan, ya’ni ishlab chiqaruvchi korxona pasporti va birkasi bo‘lmagan 29 ta remont talab attraksion faoliyati ham to‘xtatildi.
Bugungi kunda istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanishda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida “attraksionnazorati” elektron platformasi ishga tushirildi. Ushbu platforma barcha turdagi attraksionlarni ro‘yxatga olish, ularning texnik holati, davriy sinovlari, ruxsatnoma va sertifikatlarini o‘z ichiga olgan aniq va to‘liq ma’lumotlar bazasini shakllantirish, jamoatchilikka ochiq ma’lumotlar yetkazish hamda huquqbuzarliklar haqida xabar berish va tegishli choralar ko‘rish imkonini beradi.
Tegishli topshiriqlarga asosan respublikadagi barcha liftlar, jumladan, Toshkent sharidagi ko‘p kvartirali uylarda o‘rnatilgan 9 147 ta lift uskunalari tekshirildi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar “Xavfsiz lift” platformasiga Toshkent shahar tuman hokimliklari tomonidan kiritildi. Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylarda o‘rnatilgan 9 147 ta liftda jami 37 103 ta kamchilik aniqlandi.
– Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan qabul qilingan reglamentga muvofiq, liftlarning texnik holatini jamoatchilikka xabardor qilish maqsadida lift kabinasiga yashil (yaroqli), moviy (qisman nosoz), sariq (nosoz) va qizil (foydalanish uchun xavfli) stikerlar yopishtiriladi. Mazkur texnik reglamentlarni 2026 yil 1 iyuldan kuchga kirishi inobatga olib, barcha nosoz liftlardan foydalanish taqiqlanadi. Poytaxtimiz fuqarolarini avariya va baxtsiz hodisalardan himoya qilish va ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 6 844 ta texnik sinovdan o‘tmagan liftga “Lift texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan” yozuvli yorliqlar yopishtirildi, – dedi O.Jo‘rayev.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA